
Universitetimiz Axborot-resurs markaziga kitoblar topshirildi
Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar o'rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirishga davlatimiz tomonidan alohida e'tibor berilib, ko'plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti "Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik" kafedrasi 2-kurs magistranti To'ra Tosh Muhammad Zarif Ergash o'g'li tomonidan universitet Axborot-resurs markaziga 250 ga yaqin kitob taqdim etildi.
Mazkur jarayonda kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori Rashid Zohidov, kafedra faollari va talabalar ishtirok etishdi.
Taqdim etilgan kitoblar orasida diniy va dunyoviy kitoblar ham borligi talabalar uchun quvonarli hodisa bo’ldi.
Universitet jamoasi, Axborot-resurs markazi rahbariyati va talabalar To’ra Tosh Muhammad Zarif Ergash o’g’liga hamda Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik kafedrasiga minnatdorchilik bildirib qoladi. Bugun kitobxonlikni rivojlantirish targ’ibotini yanada kuchaytirish muhim jarayondir.
Kitob – umr yo'llarini yorituvchi so'nmas nur, inson hayotiga mazmun baxsh etuvchi saodat manbai, unga har qanday vaziyatda ham hamroh bo'luvchi sodiq do'st. Insonning ma'naviy kamolotini ta'minlashda kitob singari kuchli qudratga ega vosita yo'q.