Yangiliklar

img
Thu, 11/05/2026 - 11:47

Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kengashining 3-sonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor N. Jabborov raislik qildi.

Yig‘ilish avvalida “O‘zbek tili multikorpusi” (UzCorpora) loyihasi bilan “Intellektual faoliyat bo‘yicha” respublika tanlovida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan professor Manzura Abjalova jamoa tomonidan samimiy tabriklandi. Uning yutug‘i universitet jamoasi uchun quvonchli voqea sifatida e’tirof etildi.

Kengash kun tartibidagi dastlabki masala doirasida Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi mudiri B. Karimov kafedraning faoliyati, erishilgan natijalari va istiqboldagi rejalari yuzasidan taqdimot qildi. Unda kafedraning ilmiy-pedagogik faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilida to‘lov-kontrakt tushumlari rejasi va kutilayotgan qarzdorlik masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda universitetda akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim dasturlari va o‘quv jarayoniga oid hujjatlarni belgilangan talablar asosida shakllantirish, ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan takliflar tinglandi.

Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni ta’limiy, ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlariga keng jalb qilish, qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Kun tartibidagi yana bir muhim masala 2026/2027-o‘quv yilida talabalar turar joylari va ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar xavfsizligini ta’minlashga qaratildi. Xususan, kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanishning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda talabalar o‘rtasida tegishli targ‘ibot ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi. Ushbu yo‘nalish yuzasidan yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor G. Jo‘rayeva axborot berdi.

Yig‘ilishning turli masalalar qismida F. Iskandarovning ilmiy unvonga tavsiya etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Kengash yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar universitet faoliyatini takomillashtirish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, talabalar uchun xavfsiz hamda mazmunli ta’lim muhitini yaratish bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni qamrab oldi.