Universitet kengashining 2-sonli majlisi bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Universitet kengashining 2-sonli majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis avvalida universitet rektori, akademik Sh. Sirojiddinov professor-o‘qituvchilarni 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Rektor o‘z tabrigida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ustoz va murabbiylarning jamiyatdagi yuksak o‘rni, yosh avlod tarbiyasi va mamlakat taraqqiyotidagi mas’uliyati alohida ta’kidlanganini qayd etdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi va pedagoglarning maqomini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, kasbiy faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu e’tibor ustozlik kasbining nufuzi va jamiyatdagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Bayram arafasida ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega bo‘lgan ustozlarga diplomlar tantanali topshirildi. Shuningdek, “Oliy ta’lim a’lochisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan universitet prorektorlari Nozliya Normurodova, Gulnoza Jo‘rayeva, professorlar Bahodir Karimov va Saodat Muhamedovalarga faxriy nishonlar topshirildi.

Universitet faxriylar kengashi raisi, professor Hamidulla Dadaboyev tomonidan rektor, akademik Sh. Sirojiddinovga ham “Oliy ta’lim a’lochisi” faxriy nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shundan so‘ng bir guruh ustozlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Majlisning ishchi qismida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri M. Asadovning kafedrada erishilgan natijalar, mavjud muammolar va istiqboldagi vazifalar haqidagi axboroti tinglandi. Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilida kafedralarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha o‘quv adabiyotlarini yaratish rejasi muhokama qilindi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Normurodova 2026-yil IV chorak bo‘yicha Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida mustaqil izlanuvchilikka qabul natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan “Akademik harakatchanlik” tanlovi doirasida g‘olib deb topilgan loyiha bo‘yicha ikki oylik hisobot yuzasidan axborot berdi.

Shuningdek, 2026-o‘quv yilining III choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda ijro holati yuzasidan R. Azizova tomonidan axborot berildi.
Kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, universitet faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

