Yangiliklar

img
Fri, 03/07/2025 - 19:16

Universitet bog‘ida marhum olimlar sharafiga daraxt ekildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bog‘ida atoqli tilshunos olimlar – marhum professor, filologiya fanlari doktori Homidjon Homidiy hamda filologiya fanlari doktori, dotsent Shahnoza Rahmonova xotirasiga yong‘oq daraxti ekildi.  
Ushbu ezgu tashabbus universitet jamoasi tomonidan ulkan hurmat va ehtirom ifodasi sifatida amalga oshirildi. Professor Homidjon Homidiy o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan zabardast olim edi. Dotsent Shahnoza Rahmonova esa ilmiy tadqiqotlari, ma’rifiy faoliyati va fidoyiligi bilan yosh avlodga ibrat bo‘lib kelgan olima edi.  
Universitet bog‘ida ekilgan yong‘oq daraxti ularning ilmiy merosi va ezgu nomlarini abadiylashtirish ramzi sifatida qad rostladi. Bu nafaqat tabiatga, balki ilm ahli xotirasiga bo‘lgan hurmat va e’tibor ifodasi bo‘lib, kelajak avlodlarga saboq bo‘lib qoladi.