Turkiyaning Sinop universiteti olimlari bilan uchrashuv tashkil etildi
2026-yil 15-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunosligi kafedrasiga Turkiyaning Sinop universiteti olimalari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Filiz Guven hamda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Oyshagul Demir tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar kafedrada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, ta’lim jarayoni va talabalar bilan ishlash tajribasi bilan yaqindan tanishdilar. Kafedrada o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganish, adabiy merosni tadqiq etish va matnshunoslik sohasida olib borilayotgan ishlar olimalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, aruz ilmini o‘rganishga ixtisoslashgan “Gulshan” to‘garagi faoliyati mehmonlar e’tiborini tortdi. To‘garakda talabalarning mumtoz she’riyat haqidagi bilimlarini chuqurlashtirish, aruz vaznining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va she’riy asarlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Sinop universiteti olimalari to‘garak a’zolari bilan samimiy suhbatlashib, aruz ilmi va mumtoz adabiyotga oid savol-javoblar o‘tkazdilar. Talabalarning aruz vazni bo‘yicha bilimlari, she’riy asarlar haqidagi mulohazalari va mavzuga doir savollarga javoblari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, yoshlarning turk tilida erkin muloqot qilishga intilishlari ham alohida e’tirof etildi.
Uchrashuv o‘zbek va turk xalqlarining adabiy an’analari, mushtarak ma’naviy qadriyatlari hamda umumiy madaniy ildizlarini namoyon etgan mazmunli muloqotga aylandi. Bunday uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, xorijiy olimlar bilan fikr almashish va turkiy xalqlar adabiyotiga doir bilimlarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif yakunida mehmonlar universitetning Xorijiy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Ozoda Gulyamova bilan uchrashdilar. Suhbatda ToshDO‘TAU va Sinop universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash masalasi muhokama qilinib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur hamkorlik, avvalo, o‘zbek va turk adabiyotini qiyosiy o‘rganish, mumtoz adabiy merosni tadqiq etish, matnshunoslik sohasidagi tajribalarni o‘zaro almashish hamda ilmiy muloqotni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Shuningdek, ikki universitet olimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Sinop universiteti olimalarining tashrifi o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, umumiy adabiy merosni chuqurroq o‘rganish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

