
Turkiyalik mutaxassislar talabalarga saboq beradi
Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi va TIKA agentligi ko‘magida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga ikki nafar turkiyalik mutaxassis jalb qilindi. Esra Cafrı Tut va İlke Altuntaş Gürsoylar 13-fevral kuni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova bilan uchrashuv o‘tkazishdi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun turk tili bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar universitetda faoliyat yuritish jarayonida talabalar bilan individual va guruh shaklida ishlashlari, turk tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishlari, shuningdek, bepul turk tili to‘garaklarini yo‘lga qo‘yishlari belgilandi. Nozliya Normurodova turkiyalik mutaxassislarning universitetga jalb etilgani O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, avval ham turkiyalik mutaxassislar Mustafo Kuzuju va Husayin Kabalar universitet talabalariga hamda xodimlariga turk tilidan saboq berishgan. Ular o‘quv jarayonida turk tilini o‘qitishning innovatsion usullarini qo‘llagan holda, talabalar uchun samarali va qiziqarli mashg‘ulotlar tashkil etgan edilar.
Yangi jalb qilingan Esra Cafrı Tut va İlke Altuntaş Gürsoylarning universitetimizda olib boradigan faoliyati ham o‘zaro do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash va turkiy tillarni keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.