Turkiya universitetlari bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichi
Turkiya va O'zbekistonning yanada rivojlanib borayotgan do'stona munosabatlari ta'lim sohasida ikki davlat OTMlarining hamkorlik aloqalari kengayishiga xizmat qilmoqda. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyada xizmat safari bilan bo’lib turibdi.

Ushbu xizmat safari davomida delegatsiyamiz a’zolari Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Marmara, Istanbul, Istanbul texnika universitetlari, Bursa shahridagi Bursa Ulugdag va Bursa texnika universitetlari, Konya shahridagi Seljuk va Najmiddin Erbogan universitetlariga tashrif buyurishdi. Shuni alohida qayd etish joizki, mazkur OTMlarning barchasi xalqaro reytinglarda kuchli 1000 talikka kiritilgan, nomdor universitetlardir. Barcha muzokarlarda ToshDO‘TAU vakillari hamkorlik asosida turkiy tillar, turkiy xalqlar adabiyoti, madaniyati, tarixi tadqiqi, tarjima nazariyasi va amaliyoti, ta’lim tizimi, o‘quv jarayonidagi yangiliklar, darsliklar yaratish bo‘yicha tajriba almashish, universitet professor-o‘qituvchilarining o‘zaro almashinuv asosida ma’ruza o‘qishlari, malaka oshirishlarini tashkil qilish, bakalavriat, magistratura, doktorantura boshqichlarida hamkorlik qilish, o‘zbek adabiyoti namunalarini dunyo tillariga tarjima qilish singari masalalarga to‘xtalib o‘tdilar.

Marmara universitetiga tashrif chog’ida universitetimiz delegatsiyasi sinovdan o’tgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Qizg’in muzokaralar yakunida ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasi bilan Ijtimoiy fanlar va Tarjima sohalarida qo’shma ta’lim dasturlari joriy etishga kelishib olindi. Xuddi shunday taklif Najmiddin Erbogan universiteti tomonidan ham ma’qullandi. Yaqin kelajakda mazkur ikki universitet bilan hamkorlikda ijtimoiy fanlar va tarjimashunoslik sohalarida qo’shma ta’lim dasturlari joriy etilishi kutilmoqda.

Istanbul va Istanbul texnika universitetlariga tashrif davomida “Erasmus+” dasturi doirasida ta’lim jarayoni (K71) va strategik hamkorlik (K2) yo’nalishlarida aniq maqsadli loyihalar tayyorlash va amaliyotga joriy etish masalasi ko’rib chiqildi va ma’qullandi.

Tashrif buyurilgan barcha OTMlar bilan ToshDO’TAU o’rtasida hamkorlik memorandumlari va shartnomalari imzolandi. Bu shartnomalarga asosan kelgusida Scopus ilmiy bazasida indekslanadigan konferensiyalar tashkil etish, magistr va doktorantlarning ilmiy tadqiqotlarini 1 oy davomida hamkor OTMda olib borishlariga erishish, hamkor OTMda bir oygacha talabalarning amaliyotini o’tkazish, o’zbekistonlik doktorantlarga Turkiyalik mutaxassislarning ilmiy rahbarlik qilishlariga keng yo’l ochish, Turkiyaning nomdor nashriyotlarida ToshDO’TAU talabalarining tajriba to’plashlariga imkon yaratish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshiriladi. Bu borada Turkiyadagi yuqorida nomlari qayd etilgan universitetlarning sohaga daxldor fakultetlari bilan shartnomalar tuzildi.

Ayniqsa, ToshDO'TAUning xalqaro reytinglarga kirishi va mustahkam o'rin egallashida Turkiyadagi hamkor universitetlar tajribasini o'rganish, joriy etish o'z natijasini berishi, shubhasiz. Chunki bu universitetlar xalqaro reytinglarda bir nechta toifalar bo'yicha pehsqadam hisoblanadi va mazkur yo'nalishda katta tajribaga ega. Ta'lim sifatini yanada yaxshilash, o'quv jarayoniga yangi yondashuvlarni tatbiq qilish bo'yicha ham hamkorlikda bajarilishi lozim bo'lgan ishlar talaygina.

Ushbu xizmat safari davomida ToshDO’TAU delegatsiyasi a’zolari turk tilini xorijliklarga o’qitish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdilar. To’plangan tajribalar va metodik bilimlar yordamida o’zbek tilini xorijliklarga o’qitish bo’yicha “O’zbek maktabi” dasturi takomillashtiriladi.

Bir so’z bilan aytganda, mazkur amaliy tashrif har ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari uchun birdek manfaatli bo’ldi. Belgilangan vazifalar va shartnomalarda qayd etilgan bandlarning ijrosini ta’minlash har ToshDO’TAU talabalari va o’qituvchilariga katta imkoniyatlar eshigini ochadi.






