Yangiliklar

img
Sat, 03/09/2024 - 19:16

Turkiya safari: sayohat, bilim olish va tajriba almashish

Ona tili va adabiyot ta'limi fakultetining bir guruh professor-o'qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya Turkiyaning G'ozi universitetida bo'lib turishibdi. Safarning navbatdagi kunlari ham mazmunli va ijobiy taassurotlarga boy bo'ldi. Vakillarimiz Gazi universitetida tuzilgan “Turk dunyosi amaliy tadqiqot markazi”da bo‘ldi. Markaz rahbari Bulent Aksoy delegatsiya a’zolarini markaz faoliyati bilan tanishtirdi. Bu markaz G'ozi universiteti Ta’lim fakulteti qoshida 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, umumturkiy merosni amaliy tadqiq etadi. Professor B.Aksoy delegatsiya a’zolaridan Navro‘z bayramini o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam berishlarini so‘radi.  
Talabalarimiz esa qisqa muddatli akademik almashinuv doirasida “Ta’lim tamoyillari va asoslari” fanidan  ma’ruza mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi. 
Universitetimiz professorlari G.Asilova, M.Abdullayeva, katta o'qituvchilar M.Dadaxanova, S.Kuldashevalar G'ozi universiteti talabalariga o'z tadqiqotlari doirasida qiziqarli ma'ruzalar tashkil etishdi. G.Asilovaning ma’ruzasida turkiy so‘zlarning etnografiyasi, o‘zbek va turk tillaridagi iboralarning umumiy va mushtarak tomonlari haqida gapirgan bo‘lsa, M.Abdullayeva ma’ruzasida turkiy she’riyatni o‘qitishning zamonaviy yondashuvlari haqida so‘zladi. Kognitiv tahlilni modern she’rlar misolida M.Dedaxanova yoritib berdi. S.Kuldasheva esa o‘zbek va turk tillaridagi 6-sinf Ona tili darsliklarining o‘xshash va farqli tomonlarini qiyosiy tahlil qilib berdi. Dars mashg‘ulotlari bahs-munozara va savol-javoblarga boy bo‘ldi.

  

Safarning so'nggi kunida vakillarimiz Turkiya Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Millat kutubxonasida bo'ldilar. Keyingi sayohat manzili Anitkabir (Otaturk maqbarasi) bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari Otaturk qabrini ziyorat qilishdi. Shuningdek, Otaturk hayoti va faoliyati aks ettirilgan muzeyga ekskursiya qildi.

  

Shundan so‘ng Turkiya nomoddiy madaniy meros muzeyiga bordilar. Unda turk xalqining milliy an’analari aks ettirilgan eksponatlar bilan tanishdi. 
Anqara eski shahar hududida joylashgan Anadolu madaniyatlari muzeyi ham ekskursantlar e’tiborini tortdi. Muzeyda turk xalqining tosh va bronza davriga tegishli turli eksponatlar saqlangan. O‘sha davrga tegishli taqinchoqlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda tarixi va madaniyatiga oid eksponatlar joy olgan. Anqara shahriga qilingan sayohat o‘zbekistonliklarda katta taasurot qoldirdi, turk xalqining tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.
Xayrlashuv oldidan delegatsiyamiz a'zolari G'ozi universitetida madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etishdi. 
Tadbirda Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti dekani f.f.d.,prof. M.Abdullayeva so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida ikki universitet hamkorligida olib boriladigan rejalar to‘g‘risida qichqacha to‘xtalib o‘tdi. Bir hafta davom etgan ilmiy-metodik tajriba almashinuv nihoyatda samarali bo‘lganligini ta’kidladi.