Yangiliklar

img
Thu, 11/24/2022 - 09:36

Turkiy Kengash universitetlari birligining 6-umumiy assambleyasi bo‘lib o‘tdi

22-24- noyabr kunlari Qozog‘istondagi Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk universitetida Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiy universitetlarbirligi 6-umumiy assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli anjumanda universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Nodir Jo'raqo'ziyev ishtirok etdilar. 
Assambleya majlislarida Turkiy davlatlar universitetlari ittifoqiga kiruvchi OTMlar faoliyatiga doir hisobotlar tinglandi, oldindagi rejalar muhokama qilindi. Xususan, "O'rxun almashinuv dasturi" bo'yicha baholash, shuningdek,  2023-yilda talabalar uchun grantlar ajratish va amaliyot o‘tashlarini tashkil etish borasida takliflar eshitildi. Bundan tashqari tobora kengayib borayotgan  Turkiy Universitetlar ittifoqiga yangi a’zolik arizalari ko'rib chiqildi.


Majlisda so'zga chiqqan universitetimiz rektori turkiy davlatlar OTMlari bilan aloqalarni mustahkamlash borasida ToshDO'TAUda tizimli ishlar olib borilayotganini va katta qadamlar tashlanganini qayd etdi. 


Jumladan, ToshDO'TAU va Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universiteti o'rtasida tuzilgan Turkologiya qo’shma magistratura  dasturi natijasida tayyorlangan mutaxassislar bugun O’zbekistonda turkologiya sohasini rivojlantirishda faol ishtirok etayotganini alohida e'tirof etdi.  Universitetda turkiy tillar, xususan o’zbek tili va adabiyoti, uning folklori, shevalarini chuqur o’rganish bo’yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. 


Biz uchun faxrli tomoni shundaki, turkiy tilli davlatlar kengashining turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirilgani va uning birinchi sammmiti Samarqandda o’tkazilgani  bizning mamlakat universitetlarining turkiy dunyo universitetlari bilan aloqalarni yanada rivojlantirishga zamin yaratdi.  
Shuni alohida qayd etish o'rinliki, ToshDO'TAU bundan roppa rosa bir yil oldin Turkiy Kengash universitetlari birligiga a’zo bo’lgan, shu davr ichida bizning universitetimiz turkiy dunyo, xususan, Turkiya universitetlari bilan yaqin aloqalar o’rnatib katta natijalarni qo’lga kiritdi. Xususan, Turkiya universitetlari bilan  taʼlim va gumanitar sohalar, shuningdek, madaniy aloqalarni rivojlantirishda katta qadamlar tashlandi. Turkiyaning bir qancha universitetlari, jumladan, Marmara universiteti, Istanbul universiteti, Istanbul texnika universiteti, Bursa Ulugdag universiteti, Bursa texnika universiteti, Seljuk universiteti, Najmiddin Erbokan universiteti, Istanbul Madaniyat, Afyon, Ushak, Hoji Bayram Vali, Karabuk, Nide, Bandirma, Istiniya universitetlarlari, shuningdek Ozarboyjon va Qozog’iston universitetlari bilan ham yaqindan hamkorlik olib borilmoqda. Shu davr orasida Anqara Hoji Bayram Vali universiteti bilan qo’shma magistratura dasturlari (Komyuter grafikasi va mediadizayn, Gid hamrohligi va tarjimonlik) ochildi.

Umid qilamizki, Turkiy Kengash universitetlari bilan hamkorlik qardosh xalqlarning ta'lim sifati, ilmiy salohiyat, ijtimoiy yuksalish borasida samarali natijalarga birgalikda erishishlari yo'lida muhim omil bo'ladi.