Yangiliklar

img
Tue, 10/07/2025 - 23:07

“Toza qo‘llar” dasturi doirasida ToshDO‘TAUda yaratilgan sharoitlar yuqori baholandi

2025-yil 6-oktabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–16-sonli farmonining 9-bandi — “Toza qo‘llar” dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruh a’zolari tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2025-yil 22-sentabrdagi 370-sonli buyrug‘i asosida tashkil etildi. Ishchi guruhning maqsadi oliy ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena sharoitlarini o‘rganish, ularni baholash va amaliy takliflar berishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida ishchi guruh a’zolari ToshDO‘TAUda yaratilgan sog‘lom va toza ta’lim muhitini e’tirof etishdi. Ular universitetdagi sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holati talab darajasida ekanligini, barcha sanitariya shoxobchalari va umumiy ovqatlanish joylari zamonaviy gigiyena vositalari bilan ta’minlanganini alohida qayd etishdi.

 

Shuningdek, qo‘l yuvish joylarida antiseptik vositalar, sovun, qog‘oz sochiqlar muntazam yangilanib turilishi, tozalik va tartibning doimiy nazorat ostida ekanligi ta’kidlandi. Ishchi guruh a’zolari universitet ma’muriyati tomonidan talabalar va xodimlar uchun sog‘lom muhit yaratish, gigiyenik madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholashdi.

 

Tadbir yakunida ishchi guruh vakillari “Toza qo‘llar” dasturining samarali ijrosi nafaqat talabalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, balki ularning gigiyena madaniyatini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bundan buyon ham tozalik, ekologiya va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettiradi.