
Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining universitet xotin-qizlariga bayram tabrigi
Muhtarama ayollar, aziz opa- singillar, talaba qizlar!
Bugun yurtimizning har goʻshasida bahor shukuhi. Bu faslning eng qadrli bayramlaridan biri 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kunidir. Fursatdan foydalanib, sizlarni ushbu bayram bilan qutlamoqchiman. Hozir yurtimizda xotin-qizlarimizga ko'rsatilayotgan eʼtibor juda yuqori.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeyini yanada oshirish borasida keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yangi oʻquv yilidan boshlab, to‘lov kontrakt asosida tahsil oluvchi talaba qizlarni moddiy rag'batlantirish uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit ajratilishi, magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilishi, doktorantura uchun maqsadli kvotalar taqdim etilishi ilm-fanga havas qilgan qizlarimiz uchun ulkan imkoniyat.
Oʻz oʻrnida aytish kerakki, universitetimiz tashkil etilgandan buyon har bir erishgan yutug‘imizda, milliy reytinglardagi natijalarimizda hamkasb opa-singillarimizning, talaba qizlarimizning hissasi katta!
Univeristetimizda hozir 16 nafar fan doktori va DSc, 39 nafar fan nomzodi va PhD ilmiy darajasiga ega ayollar faoliyat olib bormoqda. Eng quvonarlisi, ularning aksariyati oxirgi besh yilda ilmiy ishlarini munosib himoya qildi. Birgina soʻnggi yilda olimalarimiz soni 18 nafarga koʻpaydi. Bundan 15 nafari PhD, 3 nafar DSc dissertatsiyalarini yoqladilar. Bu koʻrsatkichlar yildan yilga oʻsib bormoqda. Olimalarimiz oʻzlarining ilmiy salohiyati tufayli jamiyatga qoʻshayotgan hissasi bilan davlat mukofotlariga loyiq koʻrilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili ko'plab ayollarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lmoqdalar, jumladan, bayram arafasida 2 nafar ustozimiz f.f.d., professor Dilnavoz Yusupovaning “Doʻstlik” ordeni va f.f.d. professor Zulxumor Xolmonovaning “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” yuksak unvoni bilan mukofotlangani bizni behad quvontirdi. Bu ustozlar bilan bugun barchamiz faxrlanamiz. Bizning universitetimizdagi har bir ayol mana shunday mukofotlarga munosibdir.
Olimalarimiz ichida xalqaro nufuzli konferensiyalarda ishtirok etayotganlar, xorijda malaka oshirib kelayotganlar, xalqaro va davlat grantlarini yutib, universitetimiz nufuziga katta hissa qoʻshayotganlar juda koʻp.
Universitetimizda yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, oʻz ustida ishlab, oʻz oʻrnida boshqalarga oʻrnak boʻladigan talaba qizlarimiz safi ham kengayib bormoqda. Talabalarimiz orasida bilimi, xulqi, aql-zakovati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan stipendiatlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibalari, nufuzli tanlovlar g'olibalari, ijodkor qizlarimizning har birini men faxr bilan tilga olaman! Ularning safi joriy yilning shu davriga qadar yana to‘rttaga ko'paydi, ya'ni 3 nafar talaba qizimiz davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi, bir nafari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindoriga aylandi.
Barchangizni yana bir bor 8- mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman. Har biringizga baxt-u iqbol, sihat-salomatlik, mehr-u muhabbat, goʻzallik va nafosat yor boʻlishini tilab qolaman.
Universitet rektori, professor Sh.Sirojiddinov