ToshDO‘TAUning xalqaro nufuzi yana bir bor e’tirof etildi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan faoliyat yurituvchi Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network – SDSN)ning O‘zbekistondagi yuqori darajadagi manfaatdor tomonlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir SDSN Prezidenti, Kolumbiya universiteti professori Jeffri Saksning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Tadbir davomida O‘zbekistonda SDSN mintaqaviy markazini tashkil etish konsepsiyasi taqdim etilib, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda ilm-fan, ta’lim va xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov nomiga SDSN Direktori Andriya Erak imzosi bilan yo‘llangan universitetning mazkur nufuzli xalqaro tarmoqqa a’zo etib qabul qilinganini tasdiqlovchi rasmiy maktub hamda universitetning SDSN a’zoligini tasdiqlovchi sertifikat universitet vakili, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Gulyamovaga tantanali ravishda qabul topshirildi.
Ta’kidlash joizki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2026-yil yanvar oyidan boshlab BMT huzuridagi Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘ining rasmiy a’zosi hisoblanadi. Mazkur xalqaro tarmoq a’zoligiga ilmiy salohiyati yuqori, barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘z faoliyatiga muvaffaqiyatli integratsiya qilayotgan, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan hamda xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirib borayotgan oliy ta’lim muassasalari qabul qilinadi. Universitetning ushbu nufuzli tarmoqqa a’zo bo‘lishi uning zamonaviy boshqaruv tizimi, sifatli ta’lim muhiti, ilmiy salohiyati va global rivojlanish kun tartibiga uyg‘un faoliyat yuritayotganining yana bir e’tirofi bo‘ldi.

So‘nggi yillarda universitetning xalqaro reytinglardagi natijalari ham izchil yuksalmoqda. Xususan, Times Higher Education Impact Rankings 2026 reytingida universitet dunyoning 1603 ta oliy ta’lim muassasasi orasida TOP-101+ natijani qayd etdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Gender tengligi (SDG 5) yo‘nalishida dunyoda 8-o‘rinni, Sifatli ta’lim (SDG 4) yo‘nalishida esa 28-o‘rinni egalladi. Shuningdek, QS World University Rankings by Subject 2026 reytingida “Modern Languages” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning 251–300-o‘rinlar guruhi tarkibidan joy oldi.
Mazkur yutuqlar universitetda xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim va ilmiy muhit shakllanganini, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan, yangi tendensiyalarni chuqur anglaydigan va ularni amaliyotga samarali tatbiq etayotgan salohiyatli jamoa faoliyat yuritayotganini yaqqol namoyon etadi. Shu bilan birga, universitetning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tengligini qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda xalqaro akademik hamjamiyat bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi tizimli ishlari xalqaro miqyosda yuksak baholanayotganidan dalolat beradi.

SDSN a’zoligi universitet uchun xalqaro ilmiy tarmoqlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, barqaror rivojlanishga oid qo‘shma ilmiy loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda O‘zbekistonning global Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga munosib hissa qo‘shish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.

