Yangiliklar

img
Mon, 09/07/2026 - 17:16

ToshDO‘TAUda yangi o‘quv yili boshlandi

Yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham 2026–2027-o‘quv yili boshlandi. Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov birinchi bosqichga qabul qilingan yoshlarni samimiy muborakbod etdi.

Ayni paytdagi qabul natijalariga ko‘ra, universitetning 11 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 077 nafar talaba 1-bosqichga qabul qilindi. Ularning 783 nafari kunduzgi, 214 nafari kechki, 80 nafari esa masofaviy ta’lim shaklida tahsil olishni boshlaydi. Talabalarning 260 nafari davlat granti, 817 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Shu bilan birga, qo‘shimcha qabul jarayonlari davom etayotgani sababli birinchi bosqich talabalari soni yana ortishi kutilmoqda.

Yangi talabalarni qutlar ekan, rektor universitetni tanlagan yoshlar oldida katta imkoniyatlar turganini ta’kidladi. “Endilikda bu katta tarix va yutuqlarning davomchisi siz bo‘lasiz. Sizga talabalik yillarida puxta bilim olish, ilmiy va ijodiy izlanish, xalqaro imkoniyatlardan foydalanish va o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lishingizni tilayman. ToshDO‘TAUni tanlaganingizdan mamnunmiz. Universitetimizga xush kelibsiz!” — dedi akademik Shuhrat Sirojiddinov.

Bugun ToshDO‘TAU nafaqat yurtimizda, balki xalqaro akademik maydonda ham o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim va ilmiy markazlardan biridir. Universitetning THE Impact Rankings reytingida 2022-yildagi 1000+ natijadan 2026-yilda TOP-101+ darajasiga ko‘tarilgani, gender tengligi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rin, sifatli ta’lim bo‘yicha 28-o‘rinni egallagani, shuningdek, QS reytingida “Modern Languages” yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning TOP-251+ universitetlari qatoridan joy olgani universitetning xalqaro nufuzini namoyon etadi.

  

Universitetning Oksford universitetidagi “O‘zbekshunoslik dasturi”, Italiyaning Ka-Foskari universitetidagi “O‘zbekiston burchagi”, dunyoning turli mamlakatlaridagi o‘zbek tili va madaniyati markazlari, xalqaro ta’lim va ilmiy loyihalari ham yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Endilikda ana shu katta tarix, an’analar va yutuqlarning davomchisi bo‘lish navbati yangi avlod talabalariga.

 

Tantanali marosim kelajak soati mashg'ulotlariga ulandi. “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusida bo'lib o'tgan kelajak soati mashg'ulotlarini universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov olib bordi. Mashg'ulotlar ZOOM platformasi orqali onlayn translyatsiya qilindi va bir vaqtning o'zinida mingdan ortiq talabalar ushbu darsda qatnashdilar.