Yangiliklar

img
Fri, 06/14/2024 - 19:08

TOSHDO‘TAUDA THE REYTINGI NATIJALARIGA BAGʻISHLANGAN TANTANALI YIGʻILISH BO‘LIB O‘TDITOSHDO‘TAUDA THE REYTINGI NATIJALARIGA BAGʻISHLANGAN TANTANALI YIGʻILISH BO‘LIB O‘TDI

Kuni kecha Tailandning Bangkok shahrida nufuzli  “THE (Times Higher Education) Impact Ranking” reytingi natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 300+ o‘rinni egalladi. Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha tarixda ilk bor O‘zbekiston OTMi jahonning eng yaxshi 10 ta universitetidan biri bo‘ldi. 2024-yilning 14-iyun kuni universitetda mazkur reyting natijalariga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, universitet jamoasi va talabalari faol ishtirok etishdi. Yig‘ilishni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. U yig‘ilish qatnashchilarini bu tarixiy natija bilan qutladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mazkur reytingda 2022-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Tashkil topganiga endigina 8 yil bo‘lgan universitet uchun bu muhim reytingga kirish va unda munosib ishtirok etish, tabiiyki, g‘oyat murakkab vazifa edi. ToshDO‘TAU sifatli ta’lim berish va o‘z yo‘nalishida dolzarb ilmiy tadqiqotlar olib borish barobarida Birlashgan Millatlar tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global muammolarga yechim topish, jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir etish yo‘lida tizimli faoliyat olib bormoqda. Buning natijasi o‘laroq 2022-yilda ilk ishtirokiga qaramay THE Impakt reytingida ToshDO‘TAU 800+ natijani qayd etdi. 2023-yilda esa   dunyoning TOP 600+ universitetlari qatoridan joy oldi. 

  

Tadbirda so‘zga chiqqan universitet xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova universitet tomonidan gender notengligiga barham berish bo‘yicha maxsus platforma (https://tsuull.uz/en/content/the) ishga tushirilganini, dolzarb mavzularda podkastlar, ochiq muloqotlar muntazam tashkil etib kelinayotganini alohida qayd etdi. U boshqa indikatorlar bo‘yicha ham universitetning natijalari yuqori ekanini ta’kidlab, buning uchun universitet jamoasiga, hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi. Masalan, universitet sifatli taʼlim berish bo‘yicha 201-300-oʻrin, tinchlik va adolatni ta’minlash yo‘nalishida 201-300-o‘rin, umumiy maqsadlar yo‘lida global hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha 601-800-o‘rin, qashshoqlikka barham berish bo‘yicha 54-o‘rinni qayd etgan. Yig‘ilishda, shuningdek, THE reyting agentligining asoschisi, direktori Dunkan Ros, mazkur tashkilotning agentligining mintaqaviy direktori Lachin Italmazova, THE reyting agentligi baholovchisi va global masalalar bo‘yicha eksperti Phil Batylar video aloqaga chiqib, universitet jamoasini va butun o‘zbekistonliklarni yuqori natija bilan qutladilar. 

  

Eslatib o‘tamiz, ushbu natija bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqada ham peshqadam bo‘lib turibdi.