ToshDO‘TAUda o‘zbek tilidagi imtihon javoblarini intellektual baholash tizimi yaratildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek tilidagi yozma imtihon javoblarini avtomatik intellektual baholashga mo‘ljallangan “Imtihon javoblarini avtomatik intellektual baholash” (IBT) axborot tizimi ishlab chiqildi.
Mazkur ishlanma universitet Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi olimlari tomonidan kafedra mudiri, texnika fanlari doktori, professor Botir Elov rahbarligida yaratildi. Tizim ta’lim jarayonida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish, baholash jarayonini tizimlashtirish hamda o‘qituvchilarning vaqtini tejashga xizmat qiladi.
IBT tizimi talabalarning yozma javoblarini etalon javoblar bilan taqqoslab, belgilangan akademik mezonlar asosida tahlil qiladi va 100 ballik shkala bo‘yicha baholaydi. Bunda mazmuniy moslik, tushuncha aniqligi, mantiqiy izchillik, mavzuni yoritish chuqurligi, til sifati va original fikr kabi oltita mezon hisobga olinadi. Platforma tavsifiga ko‘ra, bitta javobni baholash uchun taxminan 10–15 soniya talab etiladi.
Tizimning muhim jihati shundaki, u talabaning javobiga ball qo‘yish bilan cheklanmaydi. Natijalar bilan birga javobning kuchli jihatlari va takomillashtirilishi lozim bo‘lgan tomonlari haqida o‘zbek tilida izohli qayta aloqa ham taqdim etadi. Bu talabalarga o‘z bilimini tahlil qilish, o‘qituvchilarga esa o‘zlashtirish natijalarini kuzatish imkonini beradi.
Platforma ochiq turdagi yozma savollar va variantli testlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, savollarni DOCX va XLSX formatidagi fayllardan yuklash, turli tipdagi savollarni o‘z ichiga olgan imtihonlar natijalarini umumlashtirish, baholash tarixini saqlash hamda guruhlar kesimida statistik ko‘rsatkichlarni kuzatish imkoniyatlari mavjud.
IBT axborot tizimi universitetda kompyuter lingvistikasi, tabiiy tilni qayta ishlash va ta’limni raqamlashtirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy-amaliy izlanishlarning muhim natijalaridan biridir. Ushbu ishlanma o‘zbek tilida sun’iy intellektga asoslangan ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish va ta’lim jarayonida raqamli yechimlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt yordamida shakllantirilgan baholar yakuniy pedagogik qaror o‘rnini bosmaydi. Baholash natijalarini o‘qituvchi tomonidan nazorat qilish va zarur hollarda qayta ko‘rib chiqish muhim hisoblanadi.
Tizimga kirish uchun havola: https://ibit.uz/

