ToshDO‘TAU vakillarining mehnati e’tirof etildi
Poytaxtimizdagi INNO Texnopark majmuasida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ilm-fan va ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, oliy ta’lim tizimida samarali mehnat qilayotgan bir guruh fidoyi insonlarni davlat mukofotlari va esdalik nishonlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ta’lim va ilm-fan salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan soha vakillarining xizmatlari e’tirof etildi. Mustaqillik yillarida turli sohalarda, xususan, ta’lim va ilm-fan tizimida erishilayotgan yutuqlar, avvalo, o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, xalq va Vatan ravnaqi yo‘lida izlanayotgan insonlarning zahmatli mehnati bilan chambarchas bog‘liq.
Quvonarlisi, mazkur yuksak e’tirof Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi vakillarini ham chetlab o‘tmadi.
Universitet rektori, akademik Sh. Sirojiddinov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak mukofot akademik Sh. Sirojiddinovga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur e’tirof universitet jamoasi hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, ta’lim va ilm-fan taraqqiyotiga, milliy ta’lim tizimini rivojlantirishga, o‘zbek tili va adabiyotining nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilayotgan sa’y-harakatlarning munosib bahosi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Akademik Sh. Sirojiddinov rahbarligida universitetda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun munosib akademik muhit yaratish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik nishoni nafaqat muayyan mehnat va xizmatlarning e’tirofi, balki mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldorlik, Vatan ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qilishning ramziy ifodasidir.
Ta’kidlash joizki, ushbu e’tirof universitetimizning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva hamda Ijtimoiy ish mutaxassisligi magistranti X. Turobovaga ham nasib etdi. Ular ham “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.
Ayniqsa, mazkur mukofotning universitet jamoasining turli avlod vakillariga rahbar, professor-o‘qituvchi va yosh mutaxassis hamda talabalar safida faoliyat yuritayotgan vakillariga berilgani jamoamizda ta’lim, ilm-fan, ma’naviy-ma’rifiy faoliyat va yoshlar bilan ishlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlarning izchil va samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi nomidan akademik Sh. Sirojiddinov, prorektor G. Jo‘rayeva hamda magistrant X. Turobovani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etamiz. Ularga mamlakatimiz ta’limi va ilm-fani ravnaqi, yosh avlod kamoloti yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatlarida yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

