Yangiliklar

img
Wed, 11/26/2025 - 17:57

ToshDO‘TAU va 255-maktab hamkorligi yo‘lga qo‘yildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi tomonidan ta’lim tizimida amaliy hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy o‘qitish yondashuvlarini umumta’lim muassasalariga tatbiq etish hamda pedagoglar o‘rtasida metodik tajriba almashinuvi jarayonlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Yashnobod tumani 255-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik universitetning ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslari qatorida ustoz–shogird amaliyotini tizimli ravishda joriy etishni nazarda tutadi. Shu asosda kafedra professor-o‘qituvchilari o‘zbek tili va adabiyot fanlarini o‘qitish bo‘yicha maktab o‘qituvchilariga uslubiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatib, o‘quv jarayonida samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan faoliyatni olib bormoqda.

2024–2025 o‘quv yilidan buyon davom etib kelayotgan hamkorlik doirasida joriy yilning 26-noyabr kuni ona tili va adabiyot fanlarini o‘qitishda o‘quvchilar savodxonligini rivojlantirish va fanni o‘zlashtirish darajasini baholash maqsadida “Kitob – dil gavhari, ko‘ngil chirog‘i” ijodiy tanlovi doirasida o‘quvchilardan diktant olindi. Tadbir universitet mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilib, tanlovning 1-bosqichida jami 140 nafar o‘quvchi qatnashdi. Maktab ma’muriyati tomonidan diktantni o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, jarayon yuqori tashkiliy saviyada tashkil etildi.

ToshDO‘TAU kafedrasi va maktab pedagoglari o‘zaro fikr almashish, monitoring natijalarini tahlil qilish hamda kelgusi bosqichlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildilar. Tanlovning navbatdagi bosqichlarini amalga oshirish hamda hamkorlik doirasini yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur tashabbus universitetning ta’lim amaliyotini umumta’lim maktablari bilan uyg‘unlashtirish, ona tili va adabiyot fanlarini o‘qitishda innovatsion yondashuvlarni joriy etish borasidagi strategik vazifalariga hamohangdir.