ToshDO‘TAU talabasi “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” tanlovi g'olibi bo'ldi!
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tegishli mas’ul tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi, Shen Xintong (Shanxay chet tillari universitetining 3-bosqich talabasi, akademik almashinuv dasturi doirasida O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olmoqda) faxrli 1-o‘rinni egalladi. Unga Shanxay chet tillari universitetiga o'zbek tilidan dars berish uchun aynan ToshDO'TAUdan yuborilgan mutaxassislar ona tilimizni o'rgatishgan.
Tanlov an’anaviy tarzda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, ona tili o‘zbek tili bo‘lmagan xorijlik talabalar o‘rtasida tashkil etilib, ularning o‘zbek tiliga bo‘lgan muhabbati va ijodiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qiladi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyar vazirligi Yoshlar siyosati, ma’naviy tarbiyaviy ishlar boshqarma boshlig’i Kasimov Nodir Ulug‘ovich hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Xolbo‘tayev ishtirok etib, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqei va nufuzini yanada yuksaltirish masalalariga to‘xtaldilar.

Final bosqichining “Erkin mavzuda badiiy chiqish” sharti doirasida ishtirokchilar o‘zbek tilidagi she’r va qo‘shiqlarni ijro etish orqali o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Xorijlik talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiqodning yorqin ifodasiga aylandi.
Shen Xintongning g‘alabasi — bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki ToshDO‘TAUda olib borilayotgan samarali ta’lim jarayoni, o‘zbek tilini chet ellik talabalarga o‘qitish bo‘yicha yaratilgan ilg‘or muhitning amaliy natijasidir.

Tanlov g‘oliblari diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 40, 30 va 20 barobari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlandi, faol ishtirokchilarga esa sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
ToshDO‘TAU jamoasi Shen Xintongni samimiy tabriklaydi!
Unga ilm yo‘lida yangi yutuqlar, o‘zbek tili va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Shuni alohida qayd etish kerakki, Shanxay chet tillari universiteti bilan ToshDOʻTAU hamkorligi bir necha yillardan beri samarali davom etmoqda. Oʻtgan yilning dekabr oyida universitetimiz Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova mazkur universitetda boʻlib, oʻzbek tili yoʻnalishida tahsil olayotgan xitoylik talabalarining ToshDOʻTAUda akademik mobillik asosida oʻqishlari xususida suhbatlashgan va rejlashtirilgan edi. Ushbu kelishuv samarasi oʻlaroq 6 nafar xitoylik talaba joriy oʻqyv yilida universitetimizda tahsil olishmoqda.

