
ToshDO‘TAU talabalari Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari 2025-yil 15-sentabr kuni Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurishdi. Tashrifda universitet yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva, tyutorlar, professor-o‘qituvchilar hamda turli kurslardan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Muzey xodimlari tomonidan tashkil etilgan ekskursiya davomida ishtirokchilarga ekspozitsiyalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Talabalarga qatag‘on davriga oid arxiv hujjatlari, fotosuratlar, shaxsiy buyumlar va guvohlarning xotiralari namoyish qilindi. Shuningdek, o‘tgan asrning murakkab jarayonlari, jadid ziyolilarining hayoti va faoliyati hamda ularning ma’naviy-ma’rifiy merosi haqida tushuntirishlar berildi.
Prorektor Gulnoza Jo‘rayeva so‘zga chiqib, muzeyning milliy xotirani asrab-avaylashdagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. U tarixni bilish kelajakni oqilona bunyod etishning asosi ekanini qayd etib, muzey ekspozitsiyalarining yosh avlodga vatanparvarlik ruhini singdirishda katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Talabalar tashrifdan katta taassurot olib, ajdodlarimizning istiqlol yo‘lidagi kurashlari va ko‘rgan mashaqqatlari haqida yanada kengroq tushuncha hosil qildilar. Ular muzeyda ko‘rilgan hujjatlar va tarixiy dalillar asosida kelgusida ilmiy ishlanmalar, referatlar hamda talaba loyihalarini amalga oshirish istagini bildirdilar. Tashrif so‘ngida muzey rahbariyatiga minnatdorchilik izhor etilib, kelgusida ta’limiy dasturlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.