ToshDOʻTAU Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi
2-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni universitet rektori, akademik Sh.Sirojiddinov olib bordi.
Yigʻilish avvalida ilmiy daraja va unvon olgan professor-oʻqituvchilarga diplom va guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan professorlarimiz Odina Jamoliddinova hamda Manzura Abjalovalarga mukofotlar topshirilib, jamoamiz vakillari tomonidan samimiy va iliq fikrlar bildirildi.
Kengash majlisining kun tartibidan oʻrin olgan birinchi masala yuzasidan filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonovaning oʻzbek tilshunosligi yoʻnalishida erishilgan natijalar, mavjud muammolar va istiqbolli takliflar haqidagi maʼruzasi tinglandi.
Shundan soʻng, universitetda 2025/2026-oʻquv yiliga oʻquv-uslubiy jihatdan tayyorgarlikning borishi hamda yangi oʻquv yilida oʻqitiladigan tanlov fanlarini tasdiqlash toʻgʻrisida Vahob Nazarov hisobot berdi.

Navbatdagi masala doirasida Nozima Toʻxtayevaning universitetda psixologik maslahat va targʻibot ishlarini tashkil etish holati toʻgʻrisidagi axboroti tinglandi va tahlil qilindi.
Yigʻilish yakunida, kun tartibidagi turli masalalar doirasida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent Fayzulla Iskandarovni ilmiy unvonga tavsiya etish masalasi koʻrib chiqildi.

Kengash majlisida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

