ToshDOʻTAU delegatsiyasi Qozogʻistonda xalqaro ilmiy-pedagogik stajirovkada ishtirok etmoqda
2026-yil 12–21-oktabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasidagi akademik E.A. Buketov nomidagi Qaragʻanda milliy tadqiqot universitetida xalqaro ilmiy-pedagogik stajirovkada ishtirok etmoqda.
“Taʼlimning raqamli transformatsiyasi sharoitida oliy taʼlim oʻqituvchisining pedagogik-psixologik kompetensiyasini rivojlantirish” mavzusiga bagʻishlangan stajirovka oliy taʼlimda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni oʻrganish, ilmiy tajriba almashish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Delegatsiya tarkibidan psixologiya, pedagogika va sotsiologiya yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan olimlar va mutaxassislar oʻrin olgan. Jumladan, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent, kafedra mudiri Ilhom Aslonov, pedagogika fanlari nomzodi Vahob Sattorov, sotsiologiya fanlari boʻyicha PhD, dotsent Dusmurod Rahmonov, psixologiya fanlari boʻyicha PhD, dotsent vazifasini bajaruvchi Boboxon Toshmatov, pedagogika fanlari boʻyicha PhD, katta oʻqituvchi Yulduzxon Gʻulliyeva hamda katta oʻqituvchi Gulnoza Jobborova stajirovkada ishtirok etmoqda.

Stajirovka dasturi doirasida oʻzaro tajriba almashish, ilmiy munozaralar oʻtkazish, ilgʻor oʻqitish metodikalarini muhokama qilish va istiqbolli tadqiqot loyihalarini birgalikda ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Mazkur xalqaro stajirovka ToshDOʻTAU professor-oʻqituvchilarining kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish, taʼlim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish hamda xalqaro akademik hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

