Yangiliklar

img
Fri, 12/15/2023 - 21:05

Tojikistonlik talabalar universitetimizda mehmon boʻlishdi

2023 -yilning 11-16- dekabr kunlari  Akademik Bobojon G‘ofurov nomidagi  Xo‘jand davlat universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetining dotsenti f.f.n., dostsent A.U.Rahmonqulov va 6 nafar talabasi akademik mobillik doirasida ToshDO‘TAUga kelishdi. Safarning dastlabki kuniyoq mehmonlarni universitet rektori, professor Sh.S.Sirojiddinov va  xalqaro aloqalar  bo‘yicha prorektor, professor N.Z.Normurodovalar qabul qildilar. Do‘stona va samimiy vaziyatda o‘tgan uchrashuvda  har ikki universitet o‘rtasidagi xalqaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish, ya’ni ilmiy-nazariy,  amaliy, metodik, madaniy – ma’rifiy sohalarda  hamkorlik qilish, professor - o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligi kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Eng muhimi - talabalarimiz  o‘zlariga yangi do‘stlar orttirib, o‘zbeksitonlik  tengdoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lishga, fikr, tajriba almashib turishga kelishib olishdi.  
Shu kuniyoq  tojikistonlik mehmonlar uchun ToshDO‘TAU bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Universitet o‘quv xonalari,  talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, Mustaqil ta’lim zali, Besh tashabbus bo‘yicha  faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garaklar, Noshirlik laboratoriyasi  mehmonlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Tashrifning birinchi kuni mehmonlarning  O‘zga tilli guruhlarda  o‘zbek tili mutaxassisligi magistrantlari  uchrashuvi bilan  yakunlandi.
2023- yilning 12- dekabr kunida ustoz  va talabalar professor N.Jabborovning  “O‘zbek adabiyoti tarixi” fanidan, dotsent M.Shodmonovaning  “Ona tilini o‘qitish metodikasi” fanidan ma’ruzalarini  kuzatib, ularni tahlil qilishdi. Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Toshkent shahridagi muzeylarni ziyorat qilib, so‘ngra O‘zbek Milliy akademik drama teatriga tashrif buyurishdi.

 

2023- yilning 13-dekabr kunidagi tadbirlar ham juda qiziqarli o‘tdi.  Mehmonlar professor B.Karimovning  “Adabiyotshunoslikda  ilmiy tadqiqot metodologiyasi” fanidan ma’ruzasida qatnashib, yangi bilim va malakalarga ega bo‘lishdi. So‘ngra mehmonlar uchun O‘zbek tili ta’limi fakulteti “Kompyuter lingvistikasi va  raqamli texnologiyalari” kafedrasida o‘zbek tilini raqamlashtirish bilan bog‘liq  bajarilgan elektron mahsulotlarining taqdimoti o‘tkazildi. Ular universitetda o‘zbek tilini raqamlashtirish bilan bog‘liq qilingan ishlardan katta taassurot olishdi, kelgusida shu kabi ishlarni tojik tili materiallarida hamkorlikda  amalga oshirishga kelishib olindi.  Kunning ikkinchi yarmida tojikistonliklar Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan yaqindan tanishib, uning  fondidagi zaruriy kitoblardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
2023 - yilning 14- dekabrida mehmonlar  professor Uzoq Jo‘raqulovning  “Jahon adabiyotining umuminsoniy  muammolari”  fanidan  ma’ruza mashg‘ulotida, dotsent X.Qodirovaning “Qiyosiy tipologiya” fanidan amaliy mashg‘ulotida qatnashib, o‘zlari uchun yangi ma’lumotlar olishdi va bilimlarga ega bo‘lishdi, kunning ikkinchi yarmida  Abror Hidoyatov nomidagi o‘zbek davlat drama teatriga tashrif buyurib, madaniy hordiq chiqarishdi.

 

2013 - yilning  15- dekabrida mehmonlar professor Q.Yo‘ldoshevning  “O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi” fanidan, dotsent K.Mavlonovaning “Ona tilini o‘qitish metodikasi” fanidan ma’ruzalarida qatnashib, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasi bo‘yicha yangi bilimlarga  va katta taassurotlarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ular shu kuni o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassiligi bo‘yicha magistrantlar va doktorantlar bilan uchrashuvda qatnashishdi.
Hafta davomida Xo‘jand davlat universiteti dotsenti, filolgiya fanlari nomzodi, dotsent A.U.Rahmonqulov tomonidan Ona  tili va  adabiyoti ta’limi fakulteti 3-kurs talabalari uchun “O‘zbek tilini o‘qitish  metodikasi” fanidan oflayn ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.
Xullas, Xo‘jand davlat universiteti delegatsiyasining universitetitmizga tashrifi davomida samarali uchrashuv va muzokaralar, qo‘shma ma’ruzalar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi.

Erishilgan kelishuvlar, albatta, universitetlarimiz o‘rtasidagi kelgusi hamkorlikka katta ta’sir ko‘rsatadi, yangi-yangi loyihalarga yo‘l ochadi, deb umid qilamiz.