Yangiliklar

img
Wed, 04/17/2024 - 12:09

Tojikiston delegatsiyasi universitetimizda mehmon bo'ldi

Qo'shni Tojikistonning Bobojon Gʻofurov nomidagi Xoʻjand davlat universiteti rektori Usmonzoda Ayub Islom hamda Sotim Ulugʻzoda nomidagi Tojikiston xalqaro chet tillar universiteti rektori Gulnazarzoda Jilo boshchiligidagi delegatsiyalar universitetimizda mehmon bo'ldi. Ularni universitetimiz soha prorektorlari, dekanlar va kafedra mudirlari kutib olishdi. Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektorimiz Nozliya Normurodova mehmonlarga universitetimizda talabalar va professor-o'qituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi va kampus bo'ylab sayohat uyushtirdi. Xususan, imkoniyati cheklangan talabalar uchun amaliy dasturlar yaratuvchi "Inklyuziv ta'lim" laboratoriyasi bilan tanishgan mehmonlar bu boradagi ToshDO'TAU amaliyotini olqishladilar.  Shuningdek, xorijliklarga o'zbek tili va madaniyati o'rgatuvchi "O'zbek maktabi" faoliyati ham mehmonlarga manzur bo'ldi. Bundan tashqari delegatsiya a'zolari universitetimizda ochilgan Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, Chingiz Aytmatov nomidagi qirg'iz tili va madaniyati markazi, Turk tili va madaniyati markazida ham bo'lib, kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Tojik tili va madaniyati markazi haqidagi fikrlarini ham bayon etdilar.

 

Mehmonlarimiz ToshDO'TAUda amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan sharoitlarni  e'tirof etdilar hamda kelgusida yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatish bo'yicha takliflarini bildirdilar.