Yangiliklar

img
Mon, 12/01/2025 - 10:59

Tojikiston delegatsiyasi universitetimizda

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Tojikistonning Turizm va tadbirkorlik xalqaro universiteti prorektori Mirzohid Rahimov hamda Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti prorektori Sirojiddin Rajabzoda tashrif buyurdi.

Mehmonlarni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova hamda Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozoda Gulyamova qabul qildi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil muhokama qilindi. Suhbat chog‘ida til va adabiyot nazariyasi, o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi, tarjimashunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Mehmonlar Tojikistonda Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazini ochish tashabbusini ham ilgari surdilar. Mazkur loyiha o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Shuningdek, Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik aloqalarining mustahkam asosga ega ekani qayd etildi. Mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan 2023-yilda Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Tojikiston rektorlarining birinchi forumida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, bugungi uchrashuv ushbu memorandum doirasidagi hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish imkonini yaratdi.

 

Tashrif ikki davlat oliy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni formallashtirish va ilmiy-ta’limiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.