Yangiliklar

img
Thu, 03/28/2024 - 13:55

Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari

2024-yilning 28-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan  “Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari” nomli respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi. Konferensiyani universitet rektori, O'zFA akademigi Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. U o'z nutqida zamonaviy tilshunoslik oldidagi muammolar, yangi tadqiqot metodlarining vujudga kelayotgani va bunday ilmiy izlanishlarga tajribali olimlar tomonidan yosh izlanuvchilar jalb qilinayotgani haqida fikr bildirdi. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAUda yo'lga qo'yilgan tizim, talabalarni ilmiy faoliyatga jalb qilish bo'yicha yo'lga qo'yilgan ishlar samara berayotgani ta'kidlandi. 
Konferensiyaga Nazariy va amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri, PhD Iroda Azimova moderatorlik qildi. 
Anjuman yalpi majlisida o'zbek professorlari Hamidulla Dadaboyev,  Baxtiyor Abdushukurov, Shohida Shahobiddinova, turkiyalik olimlar Husayin Kaba, Sezgin Demir, qozoq tilshunosi Yerlan Jiyenbayev va ko'plab tilshunoslar o'zlarining dolzarb mavzulardagi ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi. 

 

Konferensiya nazariy tilshunoslik, psixolingvistika, korpus lingvistikasi, kognitiv tilshunoslik, til tarixi, terminologiya, lingvistik ekspertiza sizgari sho'balarda ish olib bordi. 

 

Bundan tashqari yosh tadqiqotchilar tomonidan "O‘zbekistonda marketingning milliylashuvi (reklama matnlari misolida)", "Oʻzbek bolalar spontan nutqida soʻz turkumlarining ifodalanishi", "O‘zbek bolalar nutqida so‘z turkumlarining ifodalanishi. Ot va fe’l nisbati", "O‘zbek og‘zaki nutqida qo‘llanuvchi ruscha so‘zlar tadqiqi (yosh guruhlari kesimida)" singari qiziqarli mavzularda ko'rgazmali taqdimotlar o'tkazildi.