
Tilshunoslikning zamonaviy masalalari bo‘yicha nazariy mulohazalar
2025-yil 8-oktabr kuni O‘zbek tilshunosligi kafedrasida doktorantlar ishtirokida navbatdagi Nazariy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman kafedra ilmiy maktabining dolzarb nazariy masalalarni chuqur tahlil etish va tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan samarali maydoniga aylandi.
Seminarda kafedra doktorantlari o‘z dissertatsion izlanishlari doirasida olib borayotgan ilmiy ishlanmalarini taqdim etdilar. I. O‘rozova “Xamsa”dagi frazemalarning kognitiv funksiyasi” mavzusida nutq so‘zlab, milliy madaniyat va tildagi kognitiv jarayonlar o‘zaro bog‘liqligini yoritdi. M. Adilova “So‘zlarni turkumlarga ajratishda yangicha yondashuvlar” mavzusidagi ma’ruzasida an’anaviy tasnif mezonlariga zamonaviy lingvistik nazariyalar asosida yangicha qarashlarni ilgari surdi. K. Musulmonova “Tovar belgilarini lingvistik ekspertiza qilish masalalari” mavzusidagi tadqiqotida tilshunoslikning amaliy sohalardagi qo‘llanilish imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi. Y. Shodmonaliyeva esa “Tasdiq-inkorning modallik bilan o‘zaro munosabati” mavzusida modallik kategoriyasining semantik va pragmatik jihatlarini tahlil qildi.
Tadqiqotchilarning ilmiy chiqishlari kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan e’tibor bilan tinglanib, ularning ishlarini yanada mukammallashtirishga doir ilmiy-metodik tavsiyalar berildi. Seminar bahs-munozaralarga boy, g‘oya va qarashlar to‘qnashuvi orqali intellektual jihatdan sermazmun tarzda o‘tdi. Tadbir yakunida doktorantlar o‘z tadqiqotlarini chuqurlashtirish, ilmiy yondashuvlarini boyitish va metodologik salohiyatlarini mustahkamlash borasida muhim tajribaga ega bo‘ldilar.