Yangiliklar

img
Wed, 03/16/2022 - 17:21

Tilshunoslikning dolzarb masalalari

Bugungi kunda davlatimiz  tomonidan o‘zbek tili rivojiga alohida e’tibor qaratilyapti. Tarixan juda boy va keng imkoniyatga ega bo‘lgan o‘zbek tilining maqomini yanada oshirish borasida ilm-fan, ta’lim oldiga qator vazifalar qo‘yilgan. Mana shu vazifalar ijrosi o‘laroq 2022-yil 16-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Til nazariyasi kafedrasi tomonidan “TILSHUNOSLIKNING DOLZARB MASALALARI” mavzusidagi ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi. 
 Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori filologiya fanlari doktori, professor Zaynabidin  Abdurashidov  kirish so‘zi bilan boshlab berdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi Odina Jamoliddinovaning nutqi tinglandi. Filologiya fanlari doktori, ToshDO‘TAU  professori Hamidulla Dadaboyev  “Janos Ekmann – o‘zbek chig‘atoy adabiy tilining yirik tadqiqotchisi” nomli ma’ruzasida yangi ilmiy ma’lumotlar bilan tanishtirdi. Taniqli tilshunos olima, filologiya fanlari nomzodi, ToshDO‘TAU dotsenti Mamlakat  Jo‘raboyevaning tilshunoslikka doir tadqiqotlar mazmunini yangilash borasidagi fikr-mulohazalari anjuman mazmunini yanada boyitdi. Filologiya fanlari doktorlari, professorlar: Baxtiyor Abdushukurov va Zulxumor Xolmanova ham  tilshunoslik  ilmi uchun qimmatli ilmiy qarashlarga  boy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Filologiya fanlari doktori, ToshDO‘TAU dotsenti Munavvara Qurbonovaning tadqiqotlari natijasida yaratilgan  nutq sintezatori haqidagi ma’lumotlar respublika hamda xorijlik mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. 
Anjumanda respublika hamda xorijda o‘z tadqiqotlari bilan e’tibor qozongan tilshunoslar, turkologiyada o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan taniqli olimlar ishtirok etdi. Jumladan, Hoji Bayram Vali universiteti professori, filologiya fanlari doktori Tunjer Gulensoy, Manas nomidagi Xalqaro qirg‘iz-turk universiteti professori, filologiya fanlari doktori Muhittin Gumush, Karabuk universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Saidbek  Boltabayev va Qozogʻiston Respublikasi Janubiy Qozogʻiston davlat pedagogika universitetining Xalqaro aloqalar va mobillik boʻlimi boshligʻi Shahlo Naraliyevaning ilmiy ma’ruzalari ham anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Anjuman bahs-munozalarga boy o‘tdi.
 Besh sho‘bada faoliyat olib borgan anjuman  tilshunoslikning amaliy va nazariy yo‘nalishidagi masalalarni qamrab oldi. Sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, istiqboldagi vazifalar belgilandi.