Tilshunoslikda yangi tadqiqotlar va raqamli imkoniyatlar
2026-yilning 10-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi doktorantlarining 2025-2026-oʻquv yildagi soʻnggi ilmiy-metodologik seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar professor Manzura Abjalova tomonidan olib borildi.
Yil davomida muntazam tashkillashtirilgan ushbu seminar ilmiy, nazariy hamda metodologik xarakterga ega bo‘lib, doktorantlarning ma’ruzalarni tinglashi va berilayotgan ma’lumotlarni tahlil qilishi, bilim va tajriba almashinuvi, shuningdek, ilmiy ish sifatini oshirish imkoniyatlarini taqdim etmoqda.
Seminarda tayanch doktorantlar turli mavzularda o‘z izlanishlarini taqdim etishdi. Xususan, Kamola Abduvaliyeva ““Shajarayi turk” asaridagi etnonimlar asosida shakllangan etnotoponimlarning leksik qatlami, yasalishi va tuzilishi” mavzusida ma’ruza qilib, etnonimlar shakllanishining asosiy usullari, etnonim yasovchi affikslar tasnifi haqida batafsil ma’lumot bergan bo‘lsa, yana bir tadqiqotchi Mamarasulova Maftuna Rustam qizi esa “Hajm o‘lchov ma’nosining fonosemantik ifodasi” mavzusidagi ma’ruzasi davomida fonosemantikaning shakllanish tarixi, kattalik va kichiklikni ifodalovchi so‘zlar semantikasini tahlil qilib, ular o‘rtasidagi tafovutlarni muhokama qildi. Yana bir doktorant Madina Abdullajonova tomonidan “Disgrafiyaning neyrolingvistik asoslari: yozuv faoliyati modellari va miya mexanizmlari” mavzusidagi ma’ruzasida yozuv faoliyati modellari, yozma nutq buzilishining neyrolingvistik asoslari, eksperimental tadqiqot tahlili va uning natijalari haqida seminar qatnashchilariga ma’lumot berildi. So‘nggi ma’ruza “Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostonidagi zoonim va fitonimlarning funksional-semantik xususiyatlari” mavzusida bo‘lib, mustaqil tadqiqotchi Ozodbek Danabekov asarda uchragan sut emizuvchi hayvon nomlari, qush nomlari, hasharot va boshqa hayvon nomlari kabi bir qancha masalalarga to‘xtaldi. To‘rt tadqiqotchi ham berilayotgan nazariy ma’lumotlarini misollar asosida dalillab, tahlil qilib berishdi.

Seminar davomida f.f.d., professor Manzura Abjalova ma’ruzachilarga ilmiy ishlari yuzasidan o‘z tavsiyalarini berish bilan bir qatorda, ilmiy seminar qatnashchilariga “http://uzcorpora.uz/” o‘zbek tili multikorpusi haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berdilar. Professor M. Abjalova bir so‘z misolida qidiruvning hamma turini amaliy bajarib, tadqiqotchilarni korpus imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi va korpusga asoslangan hamda korpus tahlili metodlarini tushuntirib berdi. E’tiborlisi, til korpuslaridan tadqiqot davomida unumli foydalanish va tahliliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish boʻyicha metodik koʻrsatmalarni ham berdi.

Seminar savol-javoblar, tavsiyalar va ilmiy muhokamalar bilan nihoyatda qiziqarli o‘tdi. Ishtirokchilar tadqiqot metodologiyasi, ilmiy izlanishlarni rejalashtirish, adabiyotlar bilan tizimli va o‘rinli ishlash, natijalarni tahlil qilish va to‘g‘ri xulosalash bo‘yicha qimmatli hamda amaliy maslahatlar oldi.
Seminar ishtirokchilar uchun ilmiy bilimlarni chuqurlashtirish, metodologik ko‘nikmalarni oshirish va o‘z izlanishlarini yanada samarali tashkil etish nuqtayi nazaridan nihoyatda foydali bo‘ldi.

