“Til – millat ko‘zgusi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi
23-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazida qirg‘iz va o‘zbek tillariga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir o‘zbek va qirg‘iz tillarining tarixiy taraqqiyoti, davlat tili sifatidagi mavqei va jamiyat hayotidagi ahamiyatini yoritish, shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirni Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi direktori Ra’no Isomiddinova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U til millatning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va milliy o‘zligini aks ettiruvchi muhim qadriyat ekanini ta’kidlab, o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini birlashtirib turuvchi mushtarak til, adabiyot va madaniyat an’analariga to‘xtaldi.
Tadbirda O‘sh davlat universiteti qoshidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Oqibatxon Ismanova ma’ruza qildi. Unda o‘zbek va qirg‘iz tillariga davlat tili maqomi berilishining tarixiy jarayonlari, mazkur maqomning milliy taraqqiyot va ma’naviy hayotdagi o‘rni, ona tilining jamiyatdagi nufuzini mustahkamlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, O‘sh davlat universiteti Filologiyani o‘qitish texnologiyasi kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Baktigul Baytikova tomonidan “Qirg‘iz tilining tarixi va rivojlanish bosqichlari” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.
Ochiq dars davomida qirg‘iz tilining shakllanish tarixi, taraqqiyot bosqichlari, turkiy tillar tizimidagi o‘rni va bugungi rivojlanish tendensiyalari haqida ma’lumot berildi. Talabalar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda o‘zbek va qirg‘iz tillarining mushtarak jihatlari, tarixiy taraqqiyoti va zamonaviy til jarayonlari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbirda universitetning Tarjima nazariyasi va amaliyoti: ingliz tili va fransuz tili yo‘nalishlari talabalari faol ishtirok etdi.

Tadbir yakunida ona tiliga hurmat, uning nufuzi va qo‘llanish doirasini kengaytirish, milliy til va madaniy merosni kelajak avlodga yetkazish har bir avlodning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.
“Til – millat ko‘zgusi” tadbiri o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining mushtarak til, tarix va madaniyat asosidagi yaqinligini namoyon etish, ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish hamda yoshlar qalbida ona tiliga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

