Yangiliklar

img
Sat, 10/21/2023 - 15:26

Til - millat ko'zgusi

2023-yilning 21-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ona tili va adabiyoti universitetida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi va O'zbek tili kuni munosabati bilan "Til - millat koʻzgusi" nomli adabiy-ma'rifiy tadbirlar oʻtkazildi.  Tadbirni universitet rektori, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. U o’z tabrik so’zida tilimizning sofligi, boyligi va borligi millatimizning bebaho milliy iftixori ekanligini qayd etdi. Tarixga nazar tashlasak, tilimizda xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlari, urf-odatlari va ruhiyati oʻz ifodasini topganinini ko’ramiz, deya ta’kidladi rektor. 
Adabiy-ma’rifiy kechada, shuningdek, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi kengashi raisi Abduhalil Rahmonov ham ishtirok etib, universitetning bir guruh fidoyi xodimlariga Kengash tomonidan tayyorlangan bayram sovg’alarini topshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi  huzuridagi  “Oila va xotin-qizlar” ilmiy- tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari, Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi, pedagogika fanlari doktori, professor Oynisa Musurmanova, Yakkasaroy tumani ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari Nodir Xalilovlar ham   ishtirok etib, butun xalqimizni bayram bilan qutladi.  Universitet talabalari tomonidan tayyorlangan kechada tilimiz tarovatini aks ettiruvchi sahna ko'rinishlari, qo'shiq va raqslar tadbir qatnashuvchilariga manzur bo'ldi. Tadbirda so'zga chiqqanlar bo'lg'usi ustozlarga kelajakda o'z tilini sevuvchi, milliy qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlar tarbiyasiga mas'ul ekanliklarini ta'kidladilar.
Tadbirda shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o’qituvchilari va o’quvchilari ham ishtirok etishdi. O’quvchilar  tomonidan taqdim etilgan dastur kunning eng ajoyib voqeligi bo'ldi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Ijodkor o’quvchilar  tomonidan tayyorlangan bayram dasturi ma'rifiy ahamiyati bilan ham tahsinga loyiq. 

 
Bir so'z bilan aytganda, bugungi kun o'zbek tili sohiblarining dili yayraydigan, tili sayraydigan ajoyib lahzalarga boy bo'ldi. Bayram dasturlarida ishtirok etgan universitetimiz mehmonlari, ustoz va talabalari, millatdosh ziyolilarimiz qalbi quvonchga to'ldi. Chinakam ma'naviy hordiq chiqardik.  Istardikki, yilda 365 kun tilimiz shunday ardoqlab, sofligini va jozibasini barchaga namoyish etib yashaylik. 
Barhayot bo'l, ona tilim!