Til - millat koʻzgusi
2022-yilning 19-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat ona tili va adabiyoti universitetida 21-oktabr oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 33 yilligi va O'zbek tili kuni munosabati bilan "Til - millat koʻzgusi" nomli adabiy-ma'rifiy tadbirlar oʻtkazildi.
Ona tili va adabiyot ta'limi fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan kechada tilimiz tarovatini aks ettiruvchi sahna ko'rinishlari, qo'shiq va raqslar tadbir qatnashuvchilariga manzur bo'ldi. Tadbirda so'zga chiqqanlar bo'lg'usi ustozlarga kelajakda o'z tilini sevuvchi, milliy qadriyatlarimizga sadoqatli yoshlar tarbiyasiga mas'ul ekanliklarini ta'kidladilar.


O'zbek tili va adabiyoti ta'limi fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan bayram dasturi yosh-u qariga birdek manzur bo'ladigan betakror kuy-qo'shiqlar, she'r-u g'azallarga boy bo'ldi. Bu fakultet talabalari xorijliklarga o'zbek tilini o'rgatuvchi, o'zbek tilini xorijiy til sifatida o'qituvchi haqiqiqy targ'ibotchilardir. Shuni inobatga olgan holda, tayyorlagan bayramona kompozitsiyada ham ona tilimiz va milliy adabiyotimiz targ'ibiga alohida urg'u berildi.



O'zbek filologiyasi fakulteti tomonidan taqdim etilgan dastur kunning eng ajoyib voqeligi bo'ldi, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Filolog-talabalar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi professional yondashuvga egaligi, ma'rifiy ahamiyati bilan ham tahsinga loyiq.


Bir so'z bilan aytganda, kechagi kun o'zbek tili sohiblarining dili yayraydigan, tili sayraydigan ajoyib lahzalarga boy bo'ldi. Bayram dasturlarida ishtirok etgan universitetimiz mehmonlari, ustoz va talabalari, millatdosh ziyolilarimiz qalbi quvonchga to'ldi. Chinakam ma'naviy hordiq chiqardik. Istardikki, yilda 365 kun tilimiz shunday ardoqlab, sofligini va jozibasini barchaga namoyish etib yashaylik.
Barhayot bo'l, ona tilim!

