“Til — doʻstlik koʻprigi” xalqaro tadbiri boʻlib oʻtdi
2025-yil 23-sentyabr kuni — Qirgʻiz tili bayrami munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi Qirgʻiz tili va madaniyati markazi tashabbusi bilan “Til — doʻstlik koʻprigi” mavzusida xalqaro maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash, til va madaniyat orqali mushtarak qadriyatlarni targʻib etish hamda yosh avlod qalbida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini kuchaytirishdan iborat boʻldi. Unda Oʻsh davlat universitetidan tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilar va talabalar, shuningdek, mezbon universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari faol ishtirok etdi. Uchrashuv davomida ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari va madaniy almashinuv loyihalari haqida fikr almashildi.
Tadbirni universitetning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va yoshlar bilan ishlash masalalari boʻyicha birinchi prorektori Gulnoza Joʻrayeva ochib berdi. Oʻz nutqida u ikki xalqni birlashtirib turuvchi tarixiy-madaniy mushtaraklik va qardoshlik rishtalari haqida soʻz yuritib, tilning insonlar oʻrtasida doʻstlik koʻprigi boʻlishidagi muhim ahamiyatini taʼkidladi.

Dastur davomida qirgʻiz xalq qoʻshiqlari ijro etildi, talabalar tomonidan doʻstlik, vatanparvarlik va til mavzularida sheʼrlar oʻqildi. Qirgʻiz xalqining milliy oʻyinlari namoyish etilib, bu orqali oʻzbek yoshlari qirgʻiz xalqi madaniyatining boy merosi bilan yaqindan tanishdi. Tadbir ishtirokchilarida koʻtarinki kayfiyat uygʻotib, doʻstona ruhda oʻtdi.

Yakunida ikki tomonlama madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, talabalar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash hamda til oʻrganish orqali xalqlaro aloqalarni boyitish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.
“Til — doʻstlik koʻprigi” tadbiri ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

