Yangiliklar

img
Wed, 03/26/2025 - 15:23

Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasining ilmiy-nazariy seminari bo‘lib o‘tdi

2025-yil 25-mart kuni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshida tashkil etilgan ilmiy-nazariy seminarning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir universitetimiz tadqiqotchilari, professor-o‘qituvchilari va tarjima sohasi bo‘yicha izlanish olib borayotgan mutaxassislarni bir joyga jamlab, tarjimashunoslikning dolzarb muammolarini muhokama qilish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi. Seminar davomida ishtirokchilar o‘z ilmiy izlanishlari doirasidagi ma’ruzalar bilan qatnashdilar. Xususan, bugungi kun atamashunosligidagi so‘nggi tadqiqotlar va ularning tahlili, turli fan sohalarida atamalarni yaratish va tarjima qilish muammolari bo‘yicha taqdimotlar qilindi. Shuningdek, sinxron tarjima muammolari va ularning yechimlari, tarjimonlarning uchraydigan qiyinchiliklari, ularni yengish usullari muhokama markazida bo‘ldi. Adabiy asarlar tarjimalarining qiyosiy tahlili mavzusida ham qiziqarli chiqishlar bo‘lib o‘tdi, bunda turli adabiy asarlarning tarjimalarini qiyoslash, tarjima jarayonida muallif uslubini saqlash muammolari yoritildi. Bundan tashqari, xorijiy tillardagi zamonaviy o‘zgarishlar, xalqaro tillarda kuzatilayotgan leksik, grammatik va fonetik o‘zgarishlar hamda ularning tarjimaga ta’siri yuzasidan ham fikr almashildi. Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan qizg‘in bahs va munozaralar olib borildi. Tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar tarjimashunoslik sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdilar. Ilmiy-nazariy seminar tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Ushbu anjuman ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, yangi tadqiqot g‘oyalarini ilgari surish va tarjima sohasidagi hozirgi kundagi muhim jihatlarni chuqurroq o‘rganishga katta hissa qo‘shdi. Seminarda yaratilgan ilmiy muloqot muhiti esa kelgusidagi izlanishlar va hamkorliklar uchun mustahkam zamin yaratdi.