Tarixdan saboq, kelajak uchun ibrat
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani asrash va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash maqsadida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurishdi. Tadbir universitetda yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish va tarixiy saboqlardan ibrat olishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida tashkil etildi.
Tashrif davomida talabalar o‘tgan asrning 30–50-yillaridagi og‘ir, ammo ibratli davrlar bilan bog‘liq hujjatlar, fotosuratlar va shaxsiy buyumlar bilan tanishdilar. Ular Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi millat fidoyilarining hayoti va fojiali taqdiri haqida ma’lumotlar eshitdilar. Muzey xodimlari tomonidan o‘tkazilgan suhbat davomida o‘sha davr siyosiy qatag‘onlari, ziyolilarning millat oldidagi sadoqati va jasorati haqida batafsil so‘z yuritildi.
Talabalar uchun bu tashrif nafaqat tarixiy voqealarni yodda saqlash, balki bugungi tinch va ozod hayotning qadriga yetish, ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bilan qarash zarurligini chuqur his etish imkonini berdi.
Mazkur tashrif yoshlarning tarixiy tafakkurini kengaytirish, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kabi tadbirlar yosh avlodni o‘z tarixiga mehr bilan qarashga va o‘tganlardan saboq olib, kelajakni bunyod etishga chorlaydi.

