“Targ‘ibotchilar” respublika forumi bo‘lib o‘tdi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joriy yilning 20–21-noyabr kunlari “Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash” mavzusidagi “Targ‘ibotchilar” respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari M. Qahharova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Z. Mahkamova, viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari F. Kushakov, jamoat tashkilotlari vakillari, targ‘ibotchi mutaxassislar, xotin-qizlar faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur respublika miqyosidagi tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakillari ham faol ishtirok etdi. Jumladan, ishchi guruh tarkibida universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva ham qatnashdi. Uning ishtiroki forumda yoshlar bilan ishlashda samarali yondashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot amaliyotlari hamda ta’lim muassasalari mas’uliyatini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishiga xizmat qildi.
Forum davomida xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash, yot g‘oyalarga qarshi ma’rifiy immunitetni kuchaytirish, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash hamda targ‘ibot faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tadbir doirasida seminar-treninglar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdilar. Bildirilgan mulohaza va takliflar ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim dasturiy asos sifatida qayd etildi.

Universitet vakillarining mazkur forumdagi ishtiroki jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish hamda yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollikni oshirish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

