Yangiliklar

img
Wed, 04/06/2022 - 21:21

Taniqli yozuvchi va tarjimon universitetimiz mehmoni

Joriy yilning 6-aprel kuni universitetimizning Amaliy filologiya fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirga taniqli yozuvchi va tarjimon, dramaturg Qo’chqor Norqobil tashrif buyurdi. Universitet professor-o’qituvchilari, talabalar hamda mehmonlar ishtirokidagi tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektor B.Xoliqov ochib berdi.

Uchrashuvda O’zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo’chqor Norqobil adabiyotning muhim xususiyatlari va sirlari haqida o’z qarashlarini bildirdi. Shuningdek, yozuvchilik mashaqqati, asarning o’qishli bo’lishi uchun qilinadigan harakat, tarjimonlikning ko’p vaqt, sinchikovlik, mahorat va  mehnat talab qilishini hayotiy misollar orqali ifodalab berdi. Usmon Nosir nomidagi mukofot sohibi Qo’chqor Norqobil har bir kasbning o’ziga yarasha mashaqqati bo’lgani kabi yoqimli va takrorlanmas yutuq hamda g’alabalari ham bo’lishini alohida ta’kidlab o’tdi.

Qatnashchilar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Jarayon davomida yozuvchining asarlari yuzasidan bahs-munozaralar ham avj oldi.

Adibning ijodi doirasida bo’lib o’tgan davra suhbati barchaga birdek manzur bo’ldi. Hayotsevar yozuvchi Qo’chqor Norqobil o’zining samimiyati bilan talabalar ko’nglidan joy oldi.

Adib, shoir, tarjimon Qo’chqor Norqobilning tashrifidan barcha ishtirokchilar mamnun bo’lib, tashrif uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ma’lumot o’rnida, ozarbayjon va o’zbek qardoshligi hamkorligi natijasida  Qo’chqor Norqobilning “Besh xotin va bir boshliq” asari  Ozarbayjon Milliy akademik drama teatrida namoyish etilmoqda.