Yangiliklar

img
Mon, 12/26/2022 - 12:35

Taʼlim sifati – kadrlar sifati

 Maʼlumki, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish ahamiyatli masalalardan sanaladi.
 O‘zbekiston oliy taʼlim sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bilim dargohlarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda, jumladan, professor-o‘qituvchilarning daromadlari ham ortyapti. Innovatsiya yo‘nalishidagi alohida davlat tuzilmalari tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarida ham yangi bo‘linmalar ochilmoqda. O‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning o‘z ustida ishlashi, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish uchun 41 ta taʼlim muassasasiga akademik va moliyaviy mustaqil qaror qabul qilish vakolati berildi. Bu o‘z navbatida, Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida taʼkidlangan Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi taʼlim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz, - degan fikrlarining yorqin dalilidir. 
Darhaqiqat, yoshlarni bilim va malakali etib tarbiyalash, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar tayyorlash maqsadida taʼlim tizimi izchil rivojlantirilmoqda. Qolaversa, ulug‘ ajdodlarimizning ilm-fan sohasidagi buyuk kashfiyotlari va insoniyat tafakkuri rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi umumjahon miqyosida eʼtirof etilgan. Аna shunday qutlug‘ anʼanalarni davom ettirib, yurtimizda ularga munosib farzandlarni tarbiyalash muhim vazifalardan hisoblanadi. Bugungi kunda universitet va institutlarning taʼlim berish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Yoshlarimiz sog‘lom hamda go‘zal turmush kechirish, egallagan kasbi bo‘yicha doimiy ish o‘rniga ega bo‘lish, masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish, insoniy qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, qisqacha aytganda, komillikka erishish uchun harakat qilyapti va bu jarayonda taʼlim olishni eng asosiy shart sifatida ko‘rmoqda. Biroq, shunday bo‘lsa-da, taʼlim sifatini yaxshilash, o‘quv ishlarini bozor ehtiyojlari hamda xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib tashkil etish masalasida sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapdi. Shu bois davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘li ekani borasida so‘z yuritar ekan, so‘nggi yillarda oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganiga alohida eʼtibor qaratdi: Biz bu raqamlarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Lekin, taʼlim sifati nima bo‘ladi, degan savol hammamizni o‘ylantirishi kerak. Zero bularning barchasi oliy taʼlimga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirib, uning sifati hamda darajasini ko‘tarishga xizmat qilishi aniq.

Baxtiyor Аbdushukurov, 
Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori