Yangiliklar

img
Thu, 08/18/2022 - 23:36

Ta'lim jarayonini yangi bosqichga olib chiqamiz

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori boshchiligidagi guruh "MFaktor" loyihasi asoschilari taklifiga ko‘ra O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan "Jalinga" video studiyasiga tashrif buyurdi. 
"Jalinga" — onlayn va oflayn ta'limni zamonaviy texnik vositalar yordamida yangi bosqichga olib chiqish demakdir.  
Avvalo, universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov taklif uchun loyiha rahbari Hasan Mamasaidovga minnatdorchilik bildirdi.  Ushbu tashrif mamlakatimiz OTMlari uchun sifatli xizmat turlari va tartibi borasida foydali muzokaralarga boy bo‘ldi. 


Zamonaviy dunyoda, bir sahifali matnni o‘qishdan ko‘ra, odam uchun bir daqiqalik videoni tomosha qilish ancha oson va tushunarli. Xullas, videoga asoslangan masofaviy ta’lim yildan-yilga ommalashib bormoqda. "Jalinga" studiyalari esa har qanday o‘qituvchiga tashqi yordamsiz yuqori sifatli, interaktiv o‘quv videolarni yarata olish imkonini beradi.  Jalinga — bu qulay va interaktiv o‘rganish formati uchun birlashtirilgan HD dan 4K gacha bo‘lgan sifat, tiniq ovoz va ishonchli uskunalardan iborat studiya.  


Bu yangi formatdagi videokontentlar yaratish orqali Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘z talabalari uchun onlayn darslar, ma'ruzalar va vebinarlar tashkil etishda, qolaversa, xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rganish uchun maxsus video materiallar tayyorlashda juda muhimdir.  Shularni inobatga olgan holda, shu turdagi texnik ko‘makka ToshDO‘TAUning ham ehtiyoji bor.  
"MFaktor" jamoasi ToshDO‘TAUning ilmiy salohiyati va imkoniyatlarini yaqindan biladigan ishonchli hamkor sifatida o‘zining yangi formatdagi xizmat turini va yangicha texnik vositalardan foydalanish bo‘yicha qimmatli ma'lumotlarni ulashishdan mamnun ekanligi suhbat davomida alohida qayd etildi.  


Universitetimiz nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maudonda ham munosib natijalarni qayd etib kelayotgani hech kimga sir emas. ToshDO‘TAUning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash uchun shu kabi yuqori sifatli texnik yutuqlardan unumli foydalanish ham samarali ekanini qayd etdi.  Endilikda rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yish uchun raqobatbardosh media mahsulotlar tayyorlash ham muhim sanaladi.  Shularni inobatga olgan holda, bunday texnik ko‘mak biz uchun g‘oyat manfaatlidir.  
Suhbat yakunida mezbonlar "Jalinga" ning barcha imkoniyatlarini namoyish etdilar va studiya bo‘ylab sayohat tashkil etdilar.  


Uchrashuv so‘ngida "MFaktor"  jamoasi va "Jalinga"  tomonidan ToshDO‘TAUga 100 million so‘mlik sertifikat taqdim etildi.  Ushbu sertifikatda ko‘rsatilgan mablag‘ "Jalinga" mutaxassislari tomonidan sifatli video kontent yaratish bo‘yicha muhim mahorat darslari o‘tash va studiya xizmatlaridan foydalanish uchun yo‘naltiriladi. 
Zamonaviy dunyo video darslarni va masofaviy ta'limni afzal ko‘rmoqda.  Yangilanish va o‘zgarishlarni ijobiy tarzda amaliyotga tatbiq qilish muvaffaqiyat kafolatidir.  Yaxshi yangiliklar hali oldinda.