
Talabalarning yashash sharoiti oʻrganildi
Joriy yilning 11-mart sanasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida monitoring ishlari olib borildi. Ushbu jarayonda universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i S. Eshbo‘riyev, universitet profilaktika inspektori J. Xaydarova hamda tyutorlar F. Nodirov va S. Jabborov ishtirok etdilar.
Tashrif davomida talabalar istiqomat qilayotgan ijara xonadonlari ko‘zdan kechirilib, yashash sharoitlari o‘rganildi. Xonadonlarning sanitariya-gigiyena talablarga muvofiqligi, xavfsizlik darajasi, shuningdek, talabalar duch kelayotgan muammolar tahlil qilindi. Talabalar bilan bevosita muloqot o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari eshitildi, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur tadbir talabalarning munosib turmush sharoitlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy muammolarini hal etish va ta’lim jarayoniga to‘liq e’tibor qaratishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi. Universitet rahbariyati talabalar farovonligi va xavfsizligi yo‘lida bunday monitoring ishlarini muntazam olib borishni rejalashtirgan.