
Talabalarni ish bilan ta'minlash dolzarb masala
Joriy yilning 28-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman bandlik va mehnat munosabatlari boʻlimi bilan hamkorlikda "Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi" boʻlib oʻtdi. Mazkur "Bo'sh ish o'rinlari yarmakasi"da kun davomida 4 mingga yaqin talaba ishtirok etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 4-martdagi videoselektor yig’ilishida talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuzilishi ma’lum qilingan edi. Prezidentimizning mazkur tashabbusi - talabalarni ish bilan ta’minlash, ularni band qilish, doimiy daromad manbaini topishlariga ko’maklashish bugungi kunning dolzarb masalasi etib belgilandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan hamkorlikdagi yarmarka talabalar uchun katta yangilik bo’ldi. Unda ko'plab talabalar faol ishtirok etdi. Jarayon qatnashchilari – talabalar o'zlari istagan maktab, korxona xodimlari taqdim etgan anketalarni to'ldirishdi. Tez kunlarda ish beruvchi korxona-tashkilot xodimlari so'rovnoma to'ldirgan talabalar bilan bog'lanishadi va ular suhbat asosida mos bo'sh ish o'rinlariga joylashtiriladi.