Talabalarimizning “Orhun” dasturidagi muvaffaqiyatli ishtiroki
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Orhun” akademik almashinuv dasturining a’zosi sifatida turkiy davlatlar bilan ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur turkiy xalqlar o‘rtasida ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini yaratadi. ToshDO‘TAU ushbu dasturga qo‘shilgandan buyon turkiy ta’lim makonida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda.
2023-yilda dastur doirasida ikki nafar, 2024-yilda esa uch nafar talaba xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritgan edi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich sakkiz nafarga yetdi. Bu natija universitetning xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroki, professor-o‘qituvchilarning tashabbuslari hamda talabalarning o‘sib borayotgan bilim va salohiyati bilan bog‘liq.
Hozirda “Orhun” dasturi g‘olibi bo‘lgan sakkiz nafar ToshDO‘TAU talabasi Turkiya va Ozarbayjonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishmoqda. Ular Ege, Kapadokiya va Ozarbayjon tillar universitetlarida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olib, ilmiy salohiyatini oshirish, xorijiy tajriba orttirish hamda o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lida ishtirok etmoqda.
“Orhun” dasturi g‘oliblari:
Tulkunova Asilzoda, Yoqubov Elyor, Rustamov Zuhriddin, Ergashev Avazbek (Ege universiteti, Turkiya)
Uktamova Shodiya, Ablaqulova Zulfiya (Ozarbayjon tillar universiteti)
Habibjonova Dilnoza, Mamitova Muhtarama (Kapadokiya universiteti, Turkiya)

