
Talabalarimizga ta'lim berayotgan fidoyi olima
Bugun universitetimizda ish faoliyatini boshlagan malakali mutaxassis Shafiqa Yorqin haqida so‘z yuritamiz. Shafiqa Yorqin 1955-yil 24-noyabrda Afg‘onistonda ziyoli oilada dunyoga kelgan.
Olima o‘z faoliyatining ma’lum qismini O‘zbekistonda olib borib, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasida falsafa fanlar nomzodi diplomini olgan. Uning 40 dan oshiq chop etilgan va 20 ga yaqin chop etilmagan asarlari mavjud. Shafiqa Yorqin forscha, o‘zbekcha, ingliz, rus va Pashtu tillarini biladi.
Mutaxassis ish faoliyatining katta qismida yuqori lavozimlarda ishlagan. Jumladan, Afg‘oniston Fanlar Akademiyasida ilmiy xodim va bo‘lim raisi vazifasini bajargan. Shuningdek, u Afg‘oniston Oliy Majlisi Senat palatasida Nashriyot raisi va bir paytning o‘zida “Senat” jurnali bosh muharriri bo’lgan. Bundan tashqari, Afg‘oniston 9 viloyatining “Ayollar sho‘rosi” bosh raisi va shu vaqtda Sheberg‘on shahrida Mir Alisher Navoiy Pedagogik instituti ustodi vazifasida ishlagan.
Shafiqa xonim O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Hamid Sulaymon nomidagi Qo‘lyozmalar instituti va Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ham faoliyat yuritgan.
Shafiqa Yorqin Afg‘oniston, O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Tojikiston, Yaponiya, Iordaniya, Turkiya, Avstriya, Gollandiya, Italiya, Shvetsiya, Germaniya, Angliyada tashkil etilgan 50 dan ortiq seminar, simpozium va konferensiyalarda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan. Olimaning ijodiy, ilmiy, adabiy ishlari Afg‘oniston, O‘zbekiston hamda Eronda qadrlangan. U 15 dan ortiq turli mukofot bilan taqdirlangan. Shafiqa Yorqin oilali, ayni paytda, turmush o‘rtog‘i Mohammad Halim Yorqin bilan Shvetsiyada yashamoqda. Ularning 3 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi bor.