Talabalarimiz uchun xitoy tili va madaniyati mashgʻulotlari oʻtiladi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Shanxay xalqaro universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida xalqaro ta’limiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur memorandum ikki tomonlama akademik almashinuvni kengaytirish, o‘zbek va xitoy tillarini o‘rganish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.
Ushbu kelishuv doirasida joriy yilning sentabr oyida Shanxay xalqaro universiteti universitetining O‘zbek tili yo‘nalishi bo‘yicha 3-bosqichda tahsil olayotgan 6 nafar talaba akademik almashinuv dasturi asosida ToshDO‘TAUga tashrif buyurdi. Xorijiy talabalar uchun maxsus ishlab chiqilgan o‘quv rejaga muvofiq, ular Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olib, nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy til ko‘nikmalarini ham egallamoqda.
Ayni paytda mehmon talabalar universitet huzuridagi “O‘zbek maktabi” faoliyatida ham faol ishtirok etib, o‘zbek tilini bevosita til muhitida chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mashg‘ulotlar davomida ular o‘zbek tilining leksik va grammatik xususiyatlari, nutq madaniyati, shuningdek, o‘zbek xalqining boy milliy qadriyatlari va an’analari bilan yaqindan tanishmoqda.
Shu bilan birga, akademik almashinuv dasturi ikki tomonlama mazmun kasb etib, xitoylik talabalar o‘zbek talabalari uchun xitoy tili va madaniyatiga oid amaliy mashg‘ulotlar, suhbatlar va madaniy tanishtiruv darslarini ham tashkil etmoqda. Bu jarayon talabalarning o‘zaro tajriba almashuvi, til kompetensiyalarini rivojlantirish hamda madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur akademik almashinuv dasturi ToshDO‘TAU va Shanxay xalqaro universiteti o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro ta’lim makonida o‘zbek tilining nufuzini oshirish hamda xorijiy talabalar uchun o‘zbek tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

