Talabalarimiz Turkiyaning Bandirma universitetida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Turkiyaning Bandirma universiteti o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Xususan, ikki tomonlama hamkorlik universitetimiz professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgani hech kimga sir emas: ular tajriba almashishmoqda, yangi hamfikrlar, ilmiy hamkorlar topishmoqda.
Kuni kecha universitetimizning bir guruh talabalari Bandirma universitetiga akademik almashinuv doirasida jo‘nab ketgandilar. Ayni damda O‘zbek tili ta’limi fakulteti dekani Saodat Muhamedova va besh nafar talabamiz Turkiyaning Bandirma universitetida bo‘lib turibdilar.
Jamoamiz vakillarini Inson va jamiyat haqidagi bilimlar fakulteti dekani Zekay Mete kutib oldi. S.Muhamedova dekan janoblariga talabalarimizga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, ular uchun har bir dars qiziqarli o‘tayotgani, talabalar kelgusida ayni shu fakultetning magistratura mutaxassisliklarida o‘qishni rejalashtirganliklarini ma’lum qildi va Zekay Metega ToshDO‘TAU rektori va jamoasining salomini va sovg‘alarini yetkazdi.
Shuningdek, vakillarimiz Turk tili va adabiyoti bo‘limi boshlig‘i professor Osman O‘nlu, bo‘lim professorlari Omed Oqin, Adnan Uzun, Darya Gulleklar bilan uchrashib, yangi hamkorlik rejalarini muhokama qilishdi.
Talabalarimiz kun davomida bir nechta darslarda faol ishtirok etdilar. Bu darslar universitetimiz vakillariga ma’qul kelayotgani va Bandirma universiteti ustozlari bilan muloqotda talabalarimizning shijoati, bilimi va salohiyati mezbonlarda ham yaxshi taassurot qoldirayotgani quvonarli.
O‘z navbatida professor S. Muhamedova ham Bandirma universiteti talabalariga O‘zbek adabiy tili tarixi, rivojlanishi va bugungi holati haqida ma’ruza o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, ToshDO‘TAU talabalarining akademik almashinuv doirasidagi safari shu yilning 1-noyabriga qadar davom etadi.

