Talabalarga so‘rovnoma natijalari va ular asosida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish hamda talabalar fikr-mulohazalarini inobatga olish maqsadida universitetning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari talabalarga yetkazildi.
So‘rovnomalar davomida ta’lim mazmuni, mashg‘ulotlar sifati, baholash mezonlarining shaffofligi, zamonaviy texnologiyalar va texnik jihozlar bilan ta’minlanganlik, elektron o‘quv-uslubiy resurslardan foydalanish, kasbiy amaliyot samaradorligi hamda talabalar takliflarini inobatga olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish natijalari asosida kafedrada ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, fan dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni zamonaviy talablar asosida yangilash, mashg‘ulotlarda interfaol metodlardan foydalanishni kengaytirish, baholash mezonlarini talabalarga aniq va tushunarli tarzda yetkazish, elektron ta’lim resurslarini boyitish hamda kasbiy amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha tegishli ishlar rejalashtirildi.
Shuningdek, talabalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni tizimli ravishda ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muntazam axborot berib borishga e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur faoliyat ta’lim jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, talabalar bilan samarali muloqotni rivojlantirish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan. So‘rovnoma natijalarini tahlil qilish va ular asosida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini monitoring qilish orqali o‘quv jarayonini takomillashtirish ishlari izchil davom ettiriladi.

