Talabalarga OITSning oldini olish bo‘yicha aniq ma’lumotlar berildi
1-dekabr – OITSga qarshi kurash kuni dunyo hamjamiyati tomonidan har yili keng nishonlanadigan, global miqyosda inson salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim sanalardan biridir. Shu munosabat bilan 2025-yilning 1-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur sana doirasida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, OITSning oldini olish, profilaktika choralarini kuchaytirish va aholining xabardorligini oshirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir universitet ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva tomonidan ochildi. U o‘z nutqida zamonaviy jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarning mas’uliyatli hayot tarziga yo‘naltirilishi, ayniqsa global kasalliklar bo‘yicha to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, OITS muammosining xalqaro miqyosdagi ijtimoiy va tibbiy oqibatlari haqida so‘z yuritib, bunday targ‘ibot tadbirlari talabalarning ongli qaror qabul qilishi uchun muhim omil ekanini qayd etdi.
Tadbirda Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazining yuqumli kasalliklar shifokori Erkinov Doniyor Dilshodovich mehmon sifatida ishtirok etdi. Mutaxassis talabalarga OIV va OITS haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar berdi, kasallikning yuqish yo‘llari, xavf omillari, keng tarqalgan noto‘g‘ri tasavvurlar hamda kasallikdan himoyalanish choralarini batafsil tushuntirdi. U har bir inson o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmasligi, profilaktik tekshiruvlarda muntazam qatnashishi, shuningdek, jamiyatda ushbu mavzuga nisbatan to‘g‘ri madaniy munosabatni shakllantirish muhimligini alohida urg‘uladi.

Shifokor bilan bo‘lgan ochiq muloqot davomida talabalar OITSning epidemiologik xususiyatlari, hozirgi davolash usullari, zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan antiretrovirus terapiya natijalari, shuningdek, sog‘lom turmush tarzining kasallikning oldini olishdagi ahamiyati haqida savollar berib, batafsil javob oldilar.
Bugungi tadbirning asosiy maqsadi yoshlar orasida OIV/OITSning oldini olish, kasallik haqida ilmiy, aniq va tekshirilgan ma’lumotlar berish, profilaktik ko‘nikmalarni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir yakunida talabalar mavzu bo‘yicha tarqatma materiallar bilan tanishdilar va zarur maslahatlarni oldilar.

Universitetda bunday ma’rifiy uchrashuvlarning muntazam tashkil etilishi yoshlar ongida sog‘lom hayot, mas’uliyatli qaror, xavfsiz muhit va tibbiy madaniyatni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

