Yangiliklar

img
Mon, 09/22/2025 - 10:47

Talabalar yotoqxonasida “Yong‘indan ogohlik” mashg‘uloti o‘tkazildi

Yakkasaroy tumanida “Yong‘indan ogohlik” oyligi doirasida keng qamrovli maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Tadbir Alisher Navoiy nomidagi o’zbek tili va adabiyoti universitetining talabalar yotoqxonasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur mashg‘ulot Yakkasaroy tuman hokimligi hamda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamkorligida o‘tkazilib, uning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida yong‘in xavfsizligi madaniyatini oshirish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, hamda aholining yong‘indan muhofaza bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iboratdir.
Tadbir davomida FVB xodimlari tomonidan yong‘in sodir bo‘lganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dastlabki choralar, talaba-yoshlarni xavfsiz va tartibli ravishda evakuatsiya qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar keng jamoatchilikka namoyish etildi. Shuningdek, mashg‘ulot jarayonida maxsus texnik vositalar va uskunalarning qo‘llanilishi, o‘t o‘chiruvchilarning kasbiy mahorati ham ko‘rsatib berildi.

  

O‘quv mashg‘ulotida universitet talabalari, professor-o‘qituvchilar hamda yotoqxona xodimlari faol ishtirok etib, ular uchun kundalik hayotda, xususan, talabalar yotoqxonalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash qanchalik muhim ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.

  

Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan talabalarga yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi, amaliy mashg‘ulot jarayonida kuzatilgan xatoliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar taqdim qilindi.
Bunday profilaktik mashg‘ulotlar aholining xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni ogohlikka chorlash hamda favqulodda vaziyatlarga doimo tayyor bo‘lishlariga xizmat qiladi.