Yangiliklar

img
Tue, 10/21/2025 - 21:15

Talabalar yashayotgan ijara xonadonlarida sharoitlar o‘rganildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rahbariyati tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish, ularning ijtimoiy-ma’naviy muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, ularning ta’lim jarayonida faol ishtirok etishlari uchun zarur qulayliklarni yaratish maqsadida Yakkasaroy tumanidagi ijara xonadonlarga tashrif buyurishdi.

Uchrashuv jarayonida  Konstitutsiya mahallasi, Bog‘idil ko‘chasi 26-uyda istiqomat qiluvchi Mar’guba xola xonadonida yashayotgan 38 nafar talabaning yashash sharoitlari, ularning turmush tarzi, dars tayyorlash muhitlari hamda o‘zaro muloqot madaniyati o‘rganildi. Talabalar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, uy tutish odobi, tozalik va ozodalikka amal qilish, vaqtni unumli tashkil etish, o‘zaro hurmat va jamoaviy muhitda yashash bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumani Bobur mahallasi, 69-dom, 2-xonadonda istiqomat qiluvchi talabalar yashash joylari ham ko‘zdan kechirildi. Ularning yashash va o‘qish sharoitlari, maishiy qulayliklari hamda sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishlari bo‘yicha suhbatlar olib borildi.

  

Tashrif davomida universitet vakillari talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ularning o‘zaro do‘stona munosabatlari va o‘qishga bo‘lgan mas’uliyatini alohida e’tirof etdilar. Shu bilan birga, talabalarga ma’naviyatli, intizomli, toza va tartibli yashash zarurligi yana bir bor eslatildi.

  

Tashrif yakunida universitet rahbariyati tomonidan ijara xonadonlarida yashovchi talabalar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish va zarur hollarda moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.