Talabalar uchun psixologik trening o'tkazildi.
2026-yil 16-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti psixologi To‘xtayeva Nozima tomonidan Psixologiya yo‘nalishi talabalari uchun “O‘z-o‘zini boshqarish mexanizmlari” mavzusida seminar-trening hamda “Art-terapiya” mashg‘uloti o‘tkazildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi talabalarda, ayniqsa imtihon jarayonida yuzaga keladigan charchoq, stress va emotsional zo‘riqish holatlarini bartaraf etish, ularning psixologik holatini barqarorlashtirishdan iborat bo'ldi. Seminar-trening davomida talabalarda uchraydigan muammoli vaziyatlar aniqlanib, ularga amaliy psixologik yordam ko‘rsatildi. Stressni boshqarish, o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qilish, ruhiy tushkunlik va xavotirli holatlarning oldini olish masalalari amaliy mashqlar orqali tushuntirib berildi. Shuningdek, art-terapiya mashg‘ulotlari orqali talabalar o‘z ichki kechinmalarini erkin ifodalash, ijodiy faoliyat yordamida ruhiy yengillikka erishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mazkur seminar-trening talabalarining o‘qish jarayonidagi faolligini oshirish, psixologik sog‘lom muhitni shakllantirish hamda stressli vaziyatlarga to‘g‘ri munosabat bildirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

