
Talabalar turar joyida navbatchilik joriy etildi
Ma’lumki, respublikaning barcha OTMlarida 7-fevraldan an’anaviy ta’limga bosqichma-bosqich qaytishga qaror qilindi. Har bir OTM oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, an’anaviy ta’lim boshlanish davrini oʻzi belgiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy ta’lim jarayonlari 7-fevraldan boshlandi. Shu kundan talabalar turar joyida 24 soatlik navbatchilk ham joriy qilindi. Kunduz kuni soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha hamda kechki soat 20:00 dan ertalabki soat 8:00 ga qadar navbatchilikka 2 tadan tyutor jalb etildi.
Ushbu belgilangan vaqt davomida tyutorlar talabalarning TTJ ga kirish va chiqishini nazorat qilishi, karantin qoidalariga amal qilinayotganini tekshirishi, turli mavzularda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oʻtkazishi, davra suhbatlari uyushtirishi koʻzda tutilgan.
- Navbatchilik davomida talabalar bilan suhbatlar oʻtkazayapmiz, xonalar ozodaligiga e’tibor qaratayapmiz, talabalarning darsga tayyorgarlik koʻrishi masalalarini oʻrganyapmiz. Shuningdek, ularni individual psixologiyasini oʻrganishimiz oson kechayapti, deydi Oʻzbek filologiyasi tyutori Oʻ.Qaxxorov. – Kecha ular bilan aynan shu mavzuda davra suhbati ham oʻtkazildi.
Tyutorlarning Talabalar turar joyida navbatchilik qilishi talabalar bilan oʻrtadagi muloqotni yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Navbatchilik davomida tyutorlar tomonidan talabalarning xona ozodaligiga rioya qilinishi, boʻsh vaqtni mazmunli tashkil qilish, belgilangan vaqtda TTJda boʻlish va begonalarning turar joyga kirishi qat’iy nazorat qilinadi.
Tyutorlarning navbatchilik faoliyati fevral oyining oxiriga qadar davom etadi.